Havoning ifloslanish holati o‘rganildi
Toshkent viloyatining poytaxtga tutash hududlarida atmosfera havosini ifloslanish darajasini monitoring qilish jarayonlariga bag‘ishlangan press-tur o‘tkazildi.
Viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamda viloyat Prokuraturasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda mutaxassislar tomonidan jurnalistlarga hududlardagi mavjud holat ko‘rsatildi.
Ishtirokchilar erta tongdan Qibray tumanidagi Toshkent issiqlik energiyasi stansiyasiga keldi. Mutaxassislar maxsus asboblar va laboratoriya jihozlari yordamida atmosferadagi havo holatidan namunalar oldi. Shu asosida jurnalistlarga axborot berildi.
– Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda aholi muhokamalariga sabab bo‘layotgan Toshkent shahar havosining ifloslanishi bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha doimiy nazorat olib borilmoqda, – deydi viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Otabek Primov. – Ma’lumki, poytaxtga Zangiota, Qibray va Toshkent tumanlari chegaradosh. Umumiy yirik sanoat korxonalari soni 1 ming 200 tadan ziyod. Biroq, asosiy tashlanayotgan tashlanmalar Olmaliq, Bekobod, Ohangaron va Chirchiq kabi shaharlardagi sanoat korxonalariga to‘g‘ri keladi. Biz o‘rganayotgan Zangiota, Qibray va Toshkent tumanlarining tashlanmalari atigi 5 foizni tashkil qiladi.
[gallery-21592]
Toshkent issiqlik energiya stansiyasi oldida o‘tkazgan laboratoriya tahliliy natijalarga ko‘ra, belgilangan me’yordan ortiq holat aniqlanmadi. Bu yerda ko‘mir yoqilg‘isidan foydalaniladi. Viloyat Prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Sherali Zunnirboyevning ta’kidlashicha, atmosfera havosini ifloslanishining oldini olish maqsadida joylarda tungi reydlar o‘tkazilmoqda. Kuzatuvlarga ko‘ra, viloyat atrof-muhitiga ta’sir ko‘rsatuvchi 1 ming 221 ta xo‘jalik sub’ektlari atmosfera havosini asosiy ifloslantiruvchi korxonalar havoga yiliga 685 ming tonna ifloslantiruvchi moddalar tashlanishi ma’lum bo‘ldi. Yil boshidan beri yigirmadan ziyod qonunbuzarlik holatlari aniqlandi.
Press-tur ishtirokchilarining keyingi manzili Qibray tumanida joylashgan “Agro Group 2019” korxonasiga qarashli issiqxona bo‘ldi. Bu yerda jurnalistlarga qanday yoqilg‘idan foydalanilayotgani, maxsus filtrlar o‘rnatilgani ko‘rsatildi.
– Issiqxonamizda pomidor va atirgul yetishtiriladi, – deydi issiqxona ish yurituvchisi Oybek Mo‘minov. – Hududimiz 2,70 gektarni tashkil etib, 4 ta qozonxonamiz mavjud. Asosiy yoqilg‘imiz ko‘mir. Bir mavsumda 200 tonnagacha ko‘mir yoqamiz. Yil boshida mazkur qozonxonalar zamonaviy filtr bilan jihozlandi. Uning afzalligi atrof-muhitga hech qanday tutun, zararli gaz moddalari chiqarmasligida.
Ob’ektlarni isitish uchun shina, sellofan, parranda go‘ngi va boshqa zararli tutun chiqaruvchi ashyolardan foydalanishining oldini olish, shuningdek, issiqxonalar dudburonlariga davlat standartlari talablariga javob beradigan chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatish bo‘yicha profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.
Press-turda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
A.Musayev, A.Alijonov,O‘zA