Havaskor velosportchilar musobaqasi
Nukusda an’anaviy “Kasaba-tur” velomarafonining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Nukusda an’anaviy “Kasaba-tur” velomarafonining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.Korxona, tashkilot va muassasalar xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularning mehnat faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan o‘tkazilayotgan marafonning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida 400 dan ortiq havaskor velosportchi ishtirok etdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Ushbu an’anaviy velomarafon havaskorlar orasidan iste’dodli sportchilarni kashf etish, ularning professional mahoratini oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
“Kasaba-tur” velomarafoni musobaqasida 20-35 yosh hamda 35 yoshdan katta sportchilar qatnashdi.
Havaskor ayollar o‘rtasida birinchi o‘rinni Kegeyli tumanidagi 2-bolalar va o‘smirlar sport maktabi o‘qituvchisi Q.Begjanova, ikkinchi o‘rinni Nukus shahridagi 40-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi N.Seytmuratova, uchinchi o‘rinni Shumanay tumanidagi 8-maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi N.Shilmanova egalladi. 35 yoshdan kattalar o‘rtasida birinchi o‘rin Xo‘jayli tumanidagi 52-umumta’lim maktabi texnik xodimi O.Esenturliyevaga nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni Nukus tumanidagi 31-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi F.Saypova, uchinchi o‘rinni Nukus sport kolleji o‘qituvchisi S.Jeleznova qo‘lga kiritdi.
Erkaklar o‘rtasida Nukus sport kolleji texnik xodimi B.Xudaybergenov birinchi, Qonliko‘l tumanidagi 24-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi J.Zarliqov ikkinchi, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi O.Berdiboyev uchinchi o‘rinni egalladi. 35 yoshdan katta sportchilar orasida Nukus sport kolleji texnik xodimi Q.Qudaybergenov birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rin Shumanay tumanidagi 23-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi B.Berdiboyevga, uchinchi o‘rin Qonliko‘l qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi A.Embergenovga nasib etdi.
“Eng yoshi ulug‘ poygachi”, “Eng mahoratli poygachi”, “G‘alabaga bo‘lgan intilishi uchun”, “Eng yosh poygachi”, “Eng faol ayol poygachi” nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, munosib taqdirlandi.