Harbiylarga yangi uylar topshirildi
FOTOREPORTAJ
Jizzax viloyatining qo‘shni Qozog‘iston Respublikasi bilan chegaradosh hududda joylashgan DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism bo‘linmasining kapital ta’mirlangan bino va inshootlari hamda harbiy oilalar uchun 16 xonadondan iborat 2 qavatli yangi xizmat uyi foydalanishga topshirildi.
Jizzax viloyati va Forish tumani hokimligi mas’ullari, sektorlar rahbarlari, harbiy qism qo‘mondonligi hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokidagi marosimda harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari uchun munosib sharoit yaratilib berilayotgani ta’kidlandi. Davlatimizning bu g‘amxo‘rligi tinchligimiz posbonlari bo‘lmish harbiylarning jangovar, ruhiy tayyorgarligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
[gallery-19455]
– Biz, harbiy xizmatchilar boʻlgan eʼtibor, yaratib berilayotgan sharoitlardan mamnunmiz, - deydi DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchisi, kichik serjant Bekzod Moʻminov. – Yangi yashash xonadonimiz xizmat joyimizga yaqin. Endi bemalol, koʻnglimizni toʻq qilib, oʻz yigitlik burchimizni ado etishda davom etamiz.
Shundan so‘ng ishtirokchilar xizmat uyiga qo‘shimcha ravishda barpo etilgan bolalar maydonchalari, sun’iy qoplamali mini futbol maydoni, harbiy qism bo‘linmasidagi 20 o‘rinli qisqa muddatli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti filialida yaratilgan qulayliklar hamda harbiy xizmatchilarning oilasini ish bilan band qilish va ularni foydali mehnatga jalb etish maqsadida tashkil etilgan mo‘’jazgina tikuv sexi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tadbir davomida harbiy qism bo‘linmasining kapital ta’mirdan chiqarilgan ma’muriy binosi, serjant va askarlar yotoqxonasi, yuvinish xonalari, oshxona, savdo do‘koni, kutubxona, o‘quv va sport zallari harbiylar ixtiyoriga topshirildi.
Bundan tashqari, xizmat hayvonlari, harbiy texnika va transport vositalarini saqlash joylari ham talab darajasida ta’mirdan chiqarilganligi barchani quvontirdi. E’tiborlisi, harbiy shaharchani barpo etishda yashil energiyani yaratish ishlari alohida inobatga olinib, hududda quyosh batareyalari o‘rnatilgan.
Jamshid YORBEKOV(surat),O‘zA