Harbiylar faxriylarni yoʻqladi
Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi va Samarqand harbiy prokuraturasi xizmatchilari mudofaa tizimida uzoq yillar mehnat qilib, ayni paytda keksalik gashtini surayotgan faxriylar holidan xabar olmoqda.
Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi va Samarqand harbiy prokuraturasi xizmatchilari mudofaa tizimida uzoq yillar mehnat qilib, ayni paytda keksalik gashtini surayotgan faxriylar holidan xabar olmoqda.
9-may – Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan tashkil etilgan xayriya aksiyasi doirasida faxriylarga 8 turdagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari hamda tibbiy himoya vositalari berilmoqda. Shuningdek, ularning yashash uylarida harbiylar tomonidan dezinfeksiya ishlari oʻtkazilmoqda.
– Xayr-saxovat xalqimizning azaliy qadriyatini hisoblanadi, – deydi Markaziy okrug tasarrufidagi harbiy qism komandiri oʻrinbosari, podpolkovnik Ulugʻbek Rahimov. – Biz ham ezgu qadriyatlarimizga amal qilgan holda faxriylarimiz holidan xabar olib, ulardan kasbiy koʻnikma oʻrganyapmiz. Faxriylarning oʻgitlari bugungi kunlarda biz uchun juda qimmatli.
Samarqand shahrining “Hofiz Sheroziy” mahallasida yashovchi faxriy harbiy Ziyodulla Sultonov 1966-yildan 2002-yilgacha shu sohada mehnat qilgan. Mudofaa tizimidagi uzoq yillik mehnatdan keyin bugun besh nafar farzand, 8 nafar nabiraning ardogʻida keksalik gashtini surmoqda.
– Xalqimizning mehr-eʼtibori har doim, har qanday vaziyatda odamni ruhlantiradi, – Ziyodulla Sultonov. – Bugungi kunlarda, ayniqsa, ana shunday mehr-oqibatning qadriga bebaho. Hamkasblarimning yoʻqlab kelishi koʻnglimni togʻdek koʻtardi. Ular bilan boʻlgan qisqa suhbatdan oʻzgacha kuch oldim. Bari bir odam odam bilan tirik. Mudofaa tizimidagi oʻzgarishlarni kuzatib boryapman. Hozirgi harbiylarga havasim keladi. Soha tubdan oʻzgardi. Suhbatimiz davomida tajribamdan kelib chiqib, ularga oʻz tavsiyalarimni berdim.