Harbiy xizmatchining doimiy jangovar hamrohi
Mudofaa vazirligi oliy harbiy taʼlim muassasalarida joriy yili birinchi bosqichga qabul qilingan, harbiylikning bor mashaqqati va masʼuliyatini zimmasiga olgan kursantlar tahsilni boshlab yuborganlar.
Kursant – boʻlajak ofitser. Ofitser oʻz sohasining chinakam mutaxassisi boʻlishi lozim. Albatta, buning uchun juda koʻp izlanish, intilish kerak. Mudofaa vazirligi oliy harbiy taʼlim muassasalarida joriy yili birinchi bosqichga qabul qilingan, harbiylikning bor mashaqqati va masʼuliyatini zimmasiga olgan kursantlar tahsilni boshlab yuborganlar. Shu kunlarda ularga sharafli va masʼuliyatli xizmatlari davomida doimiy jangovar hamroh boʻladigan harbiy texnikalar va qurol-yarogʻlar tanishtirilmoqda.
Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti hamda Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida tanishtiruv mashgʻulotlari yuqori saviyada oʻtkazildi.

Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida oʻtkazilgan koʻrgazmali amaliy mashgʻulotda birinchi bosqichga qabul qilingan oʻgʻlonlar Qurolli Kuchlarimizda mavjud zirhli texnika va avtomashinalar, jangovar qurollar va aslahalar haqida dastlabki maʼlumotlarga ega boʻlishdi.
Koʻrgazmali mashgʻulot davomida jangovar texnika va qurollarning taktik-texnik xususiyatlari haqida maʼlumotlar berilibgina qolmay, tank va yengil zirhlangan harbiy texnikalarni oʻqlash, ulardan belgilangan nishonlarni yakson qilish boʻyicha amaliy mashqlar oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida esa yangi qabul qilingan kursantlar harbiy texnikalar va qurol-aslahalar qatori zamonaviy aloqa vositalari va anjomlar, jahon standartlari talabi asosida jihozlangan oʻquv xonalari va laboratoriyalarning imkoniyatlari, qoʻllanilishi, ulardan samarali foydalanish boʻyicha qimmatli maʼlumotlarni olishdi.
– Kursantlarimizning ushbu birlamchi koʻrgazmali mashgʻulot davomida olgan koʻnikmalari ularga dastlabki kasbiy saboq, – deydi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi masʼul ofitseri kapitan Sherqoʻzi Hakimov.

– Tahsil davomida ular ushbu qurol-yarogʻlar, texnika, aslaha va anjomlar sirlarini malakali professor-oʻqituvchilar va ustoz ofitserlardan batafsil oʻrganishadi.
Boʻlajak ofitserlar mashgʻulotning sermazmun va qiziqarli oʻtganini eʼtirof etishdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va
ommaviykommunikatsiyalar departamenti.