Harbiy xizmatchilarning ayollari bellashdi
Andijon shahridagi harbiy gornizonda “Harbiy oila bekasiman!” shiori ostida “Balli, ayollar!” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
Andijon gornizonida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari o‘rtasida milliy qadriyat, urf-odatlarimizni keng targ‘ib etish, harbiylar oilasida yashayotgan ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish maqsadida tashkil etilgan ko‘rik-tanlovda 6 nafar harbiy xizmatchining turmush o‘rtog‘i ishtirok etdi.
– Keyingi yillarda harbiy xizmatchilarning oilalari bilan bevosita ishlash borasida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda, – deydi Harbiy gornizon xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oilalari bilan ishlash bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Farog‘at Hayitova. – Bu harbiylarning oilalarini mustahkamlash, ularning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish hamda muammolarini aniqlash va hal etishga katta yordam bermoqda.
Uy bekasi, turli sohalarda mehnat qilayotgan hamda farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan tanlov ishtirokchilari belgilangan to‘rtta shart — she’r, qo‘shiq, raqs ijrosi, alla aytish, chevarlik, to‘quvchi va pazandalik borasidagi mahoratini namoyish etish hamda “bahru bayt” – laparlar aytish bo‘yicha g‘oliblik uchun o‘zaro bellashdilar.
Ishtirokchilarning chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Naimaxon Javkanova mutlaq g‘oliba, deb topilib, tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
– O‘zim oliy ma’lumotliman, lekin ayni paytda farzand tarbiyasi bilan uydaman, – deydi tanlov g‘olibasi N.Javkanova. – Tanlovda g‘olib bo‘lganimdan behad xursandman, qolaversa, zimmamga mas’uliyat yuklaydi. Chunki endi tanlovning mamlakat bosqichida ham munosib ishtirok etishim, g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olish uchun astoydil harakat qilishim kerak.
G‘oliba va boshqa ishtirokchilar turli nominatsiyalar bo‘yicha harbiy gornizon va Sharqiy harbiy okrug ko‘mondonligining tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA