Harbiy xizmatchilar xotira turnirida bellashdi
FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni hamda o‘z vazifasini bajarish chog‘ida qahramonlik hamda jasorat ko‘rsatib, halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar xotirasiga bag‘ishlab qo‘l jangi bo‘yicha xotira turniri o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qo‘l jangi federatsiyasi tashabbusi bilan tashkil qilingan turnirda Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar harbiy xizmatchilari bir nechta vazn toifasida jang olib bordi.
Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Prezident Davlat xavfsizlik xizmati, DXX va Davlat bojxona qo‘mitasi rahbariyati, hamkor davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, faol va havaskor yoshlar hamda sport ustalari ishtirok etib, turnirning final janglarini bevosita kuzatdi.
Ochilish marosimi doirasidagi konsert dasturidan so‘ng bellashuvlarga start berilib, g‘oliblar birin-ketin aniqlandi.
[gallery-15267]
Shiddatli va murosasiz kechgan bahslarning yakuniy natijalariga ko‘ra, umumjamoa hisobida Davlat xavfsizlik xizmati jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Keyingi o‘rinlar Mudofaa hamda Ichki ishlar vazirliklari sportchilariga nasib etdi. Shuningdek, bir nechta vazn toifasida va nominatsiyalar bo‘yicha ham qo‘l jangi ustalari aniqlandi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan kubok, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Kamola Yusupova,
Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA