Harbiy-vatanparvarlik festivali
14 yanvar -Vatan himoyachilari kuni
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayrami oldidan “Yangi O‘zbekiston armiyasi mamlakat qudrati, yuksak g‘urur va sadoqat timsolidir!” shiori ostida harbiy-vatanparvarlik festivali bo‘lib o‘tdi.
Tadbir nuroniylar, yoshlar, harbiylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan harbiy parad bilan boshlandi. Ushbu jarayonda tadbir qatnashchilari harbiy orkestr hamrohligida Toshkent ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotgan piyoda kuchlar hamda mexanizatsiyalashtirilgan kolonnalarni festival o‘tkaziladigan asosiy maydon sari kuzatib keldi.
[gallery-15429]
Tadbirning asosiy qismi Motamsaro ona haykali majmuasida o‘tkazildi. Unda so‘zga chiqqan tuman hokimi Xurshid Tohirov tadbir ishtirokchilarini yaqinlashib kelayotgan Vatan himoyachilari kuni bayrami bilan samimiy qutladi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mudofaa sohasida olib borilayotgan islohotlar, armiya va xalqning faol hamkorligi yuzasidan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar to‘g‘risida fikr bildirdi.
Festivalda tuman aholisi, ayniqsa, yoshlar uchun zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika ko‘rgazmasi, shuningdek, harbiy orkestr, tuman madaniyat bo‘limining xushovoz xonandalari ijrosidagi konsert dasturi, harbiy xizmatchilarning qurol bilan saf hamda qo‘l jangi elementlari chiqishlari hamda harbiy sohaga aloqador texnik vositalar namoyish etildi.
– Tadbirdan asosiy maqsad yoshlarni ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga doir ishlar samaradorligini yangi bosqichga olib chiqish, mazkur yo‘nalishda davlat va nodavlat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faolligini yanada oshirishdir. – deydi Qorako‘l tumani hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Rabbonaqul Muxtorov.
Yoshlar festival doirasida zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslaha namunalari bilan yaqindan tanishdi. Vatan himoyachilari bilan dildan suhbat qurdi. O‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Yoshlarga bir qator texnik vositalar bilan mashq qilish imkoniyati ham berildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari