Harbiy qismda xotira maydoni ochildi
Yurtimiz tinchligi, mustaqilligimiz barqarorligi yo‘lida o‘z jonini fido qilgan mard o‘g‘lonlar qalbimizda mangu yashaydi. Ona Vatan fidoyi farzandlarini aslo unutmaydi.
9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari Namangan garnizonidagi harbiy qism hududida xotira maydoni qad rostlagani ham buning yorqin dalilidir. Harbiy qismda o‘tkazilgan tantanali marosimda Pop tumani hokimligi mutasaddilari, harbiy qism zobitlari, Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirok etdi. Ushbu maydon, eng avvalo diyorimiz tinchlik-osoyishtaligi, sarhadlarimiz xavfsizligi yo‘lida o‘zini qurbon qilgan yurtning asl qahramonlari ko‘rsatgan mardonavor xizmatlar, ularning dovyurak va jasurligini o‘zida mujassam etishi ta’kidlandi.


Bundan 23 yil avval, respublikamizning janubiy sarhadlari Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Uzun tumanlaridagi mudhish voqealarda jonini fido qilgan millat qahramonlarining siymolari aks ettirilgan monumentlar qo‘yilgan mazkur maydon chinnakam vatanparvarlikning yuksak namunasi bo‘lib xizmat qiladi.


Tadbirda, uzoq yaqindan kelgan mehmonlar, marhum harbiylarning oila-a’zolari xotira maydoniga gullar qo‘yib, o‘tganlarning ruhiga hurmat bajo keltirdi. Darvoqe, xotira maydonidagi mo‘’jaz favvora ham ushbu maydonga tashrif buyuruvchilarga o‘zgacha ruh bag‘ishlashi shubhasiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA