Harbiy qismda uch avlod vakillari uchrashdi
Mudofaa vazirligining Termiz garnizonida joylashgan harbiy qismlardan birida “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.
Unda Janubiy operativ qo‘mondonligi, Surxondaryo viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi viloyat bo‘limi, Surxondaryo viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazi chaqiriluvchilari, harbiy xizmatchilar va faxriylar ishtirok etdi.

Mustaqilligimizning 30 yillik bayramiga bag‘ishlangan tadbirda Milliy armiyamizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimizning mudofaa qudratini mustahkamlab, xalqimizning tinch, osuda hayotini taminlashga xizmat qilayotgani takidlandi. Jangovar bo‘linmalar eng zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan taminlanayotgani, Vatanimiz posbonlarining kundalik va jangovar xizmat vazifalarini sitqidildan bajarishi uchun qulay sharoit yaratilgani qayd etildi.

Shu kuni tadbir ishtirokchilari harbiy qismda tinchligimiz qo‘riqchilari uchun yaratilgan sharoitlar, berilgan imtiyozlar bilan tanishdi. Faxriylar, harbiy xizmatchilar va yoshlar dildan suhbatlashdi.

–Mustaqillik tengsiz buyuk ne’matki, unda Vatan ozodligi, inson erkinligi, tinchlik, totuvlik, ezgulik sarchashmalari mujassam, – deydi harbiy qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, mayor Ma’rufjon Olimov. – Bebaho bu nematning mustahkam poydevor bo‘lib, avlodlarga meros qolishida hayotini vatanparvarlik, tinchlikparvarlik yo‘liga safarbar etgan insonlar xizmati beqiyosdir. Mazkur uchrashuvda qatnashgan Qurolli Kuchlar faxriylari yoshlarimizga ibrat bo‘ladigan hayot yo‘lini bosib o‘tgan. Shu bois ham ularning xotiralari harbiylarimiz va bo‘lg‘usi Vatan himoyachilari uchun juda qiziq mavzudir. Harbiy xizmatchilarga yaratib berilayotgan sharoitlar, imkoniyat va imtiyozlar shunday kunlar kelishini orzu qilib yashagan faxriylarda boy taassurot o‘yg‘otdi.

Tadbir doirasida faxriylar va yoshlar uchun zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi namoyish etildi.
Akbar AHMEDOV, III darajali serjant
Termiz garnizoni
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA