"Harbin-2025": Medallar jamg‘arishda Xitoy peshqadam
Bugun, 10 fevral kuni Xitoyning Harbin shahrida davom etayotgan IX qishki Osiyo o‘yinlarining navbatdagi kunida 8 ta sport turida bahslar o‘tkazilsa, shundan 6 tasida 11 ta medallar jamlanmasi uchun kurashlar bo‘lib o‘tadi.
Kun davomida konkida yugurish, xokkey, kyorling, chang‘i poygasi, fristayl va snoubord sport turlarida musobaqalar tashkil etiladi. Osiyo o‘yinlarining bugungi kuni hamyurtlarimizsiz kechadi.

Ortda qolgan musobaqalar sarhisobiga ko‘ra, hozirda medallar jamg‘arish borasida Xitoy 16 ta oltin, 15 ta kumush, 15 ta bronza medali bilan 1-o‘rinda bormoqda.
Keyingi pog‘onadan joy olgan Janubiy Koreya sportchilarida 11 ta oltin, 9 ta kumush, 7 ta bronza medali mavjud. 3-o‘rinni band etgan Yaponiya 3 ta oltin, 2 ta kumush va 7 ta bronza medaliga egalik qilib turibdi. Qo‘shni Qozog‘iston sport delegatsiyasi 1 oltin, 5 ta kumush, 2 ta bronza bilan 4-o‘rinni band etgan.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA