Harakat xavfsizligida targ‘ibot muhim masala
Andijon viloyati IIB JXX Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan joriy yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar, kelgusidagi rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani hamda press-tur tashkil etildi.
Ommaviy axborot vositalari, davlat, nodavlat tashkilotlari axborot xizmatlari vakillari, soha mutasaddilari ishtirok etgan anjumanda viloyat IIB JXX Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Abdunabi Nosirov joriy yilning o‘tgan olti oyida olib borilgan ishlar, targ‘ibot tadbirlari haqida ma’lumotlar berdi.
– Joriy yilning birinchi yarmida Andijon viloyatida jami 227 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etildi, – dedi boshqarma boshlig‘i, polkovnik Abdunabi Nosirov. – Buning natijasida 41 nafar fuqaro hayotdan bevaqt ko‘z yumdi, 213 nafar fuqaro esa turli darajada tan jarohati oldi. Ming afsuski, vafot etgan va tan jarohati olganlar orasida bolalarning borligi achinarlidir. Umuman, yo‘l-transport hodisalari oqibatida hech kim hayotdan bevaqt ko‘z yummasin.
Tahlillarga ko‘ra, sodir etilgan yo‘l-transport hodisalarining 74 tasi piyodalarning, 153 tasi haydovchilarning aybi bilan yuz bergan.
Bundan tashqari, anjumanda yo‘l-transport hodisalarining 58 foizi yo‘llar infratuzilmasini belgilangan talablarga javob bermasligi oqibatida yuzaga kelganligi, 73 foizi bevosita piyodalar va velosipedchilar ishtirokida sodir etilganligi, qolaversa, piyodalar ishtirokidagi targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish muhim ekanligi qayd etildi.
Hududlar kesimida eng ko‘p yo‘l-transport hodisalari Andijon shahri, Oltinko‘l, Asaka, Izboskan, Marhamat va Xo‘jaobod tumanlari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Shuningdek, anjumanda hisobot davri davomida viloyatda sohaga oid 335 ming 243 ta ma’muriy huquqbuzarlik aniqlanganligi ta’kidlandi.
Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan yo‘l-transport hodisalarini kamaytirish borasida zarur ishlar olib borildi. Viloyatdagi, xususan, Andijon shahridagi serqatnov yo‘llar chetlariga, yo‘l-transport hodisalari nisbatan ko‘p sodir etilayotgan joylarga “tezlikni oshirmaslik”, “hushyor va ogoh bo‘lish” lozimligini ko‘rsatuvchi baner hamda plakatlar joylashtirildi. Televideniye, radiolarda videorolik, ko‘rsatuv va eshittirishlar, matbuot nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda maqola, amal qilinishi lozim bo‘lgan tavsiya hamda maslahatlar muntazam berib borildi.
Hokimliklar, yo‘l qurilishi va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda transport qatnovi o‘ta yuqori va doimiy tirbandliklar yuzaga kelayotgan chorrahalarga qo‘shimcha yo‘llar ochish bo‘yicha ishlar olib borildi. Joriy yilning o‘tgan davrida yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi mutaxassislari taklifi bilan 40 dan ortiq chorraha va o‘tish joylarida qo‘shimcha o‘tish yo‘llari barpo etildi, svetoforlar hamda yo‘l belgilari o‘rnatildi. Natijada tirbandliklar birmuncha qisqardi.
Tizimda “mahallabay” ishlash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Ya’ni yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, tuman, shahar bo‘limlari xodimlari viloyatdagi 909 ta mahallaga biriktirildi. Mavjud mahallalar yo‘l-transport hodisalari sodir etilganligidan kelib chiqib, “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratib olindi. Ayni kunda viloyatdagi 43 ta mahalla “qizil”, 135 ta mahalla “sariq”, 731 ta mahalla esa “yashil” toifadan o‘rin olgan. Bundan tashqari, xodimlar tomonidan viloyatdagi umumta’lim maktablarida ham suhbat va muloqotlar, turli targ‘ibot tadbirlari reja asosida olib borilmoqda.
Olib borilgan amaliy ishlar natijasida, viloyat hududida joriy yilning olti oyi yakunida, yo‘l-transport hodisalari 46 taga, tan jarohati olish bilan bog‘liq hodisalar 40 taga, o‘lim bilan bog‘liq hodisalar 6 taga kamaydi.
[gallery-18388]
Anjumanda, shuningdek, tizimning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, raqamlashtirish, yo‘l belgilari o‘rnatish, piyoda va haydovchilarning madaniyatini yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlar, kelgusidagi rejalar xususida ham ma’lumotlar berildi.
Shundan so‘ng, press-tur tashkil etilib, ishtirokchilar Andijon shahrining eng serqatnov va tirband ko‘chalaridagi jamoat transporti harakatini tartibga solish, piyodalar o‘tish joyiga o‘rnatilgan raqamli svetoforning ishlash jarayoni, tartibga solinmagan chorrahada amalga oshirilayotgan ishlar bilan bevosita tanishdi.
Matbuot anjumani va press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari