Har qarich yer daromad manbaiga aylanadi
Namangan viloyatining 775 ta mahallasidagi 372 mingdan ziyod xonadon tasarrufida 15 ming 500 gektar tomorqa yer bor.
Namangan viloyatining 775 ta mahallasidagi 372 mingdan ziyod xonadon tasarrufida 15 ming 500 gektar tomorqa yer bor. Viloyat va tuman hokimliklari, sektorlar rahbarlari, mahalla fuqarolar yigʻinlari hamkorligida mazkur yerlarning har qarichini daromad manbaiga aylantirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
Jumladan, dehqon xoʻjaligi va tomorqa yer egalariga huquqiy, tashkiliy, uslubiy va moliyaviy koʻmaklashish hamda qulay savdo-xarid mexanizmini yaratish orqali faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida barcha tumanlarda 18 ta kooperativ tashkil etildi. Ular koʻmagida foydalanilmay yotgan 328,2 gektar maydon qayta oʻzlashtirilib, ishsiz, “shu yerdan foydalanib, oilamni boqaman”, degan 880 nafar yurtdoshimizga taqsimlab berildi.
– Hozirgacha mavjud maydonning 159 gektarida mevali bogʻ, 15 gektarida uzumzor barpo qilindi. 28 gektarida sabzavot, 190 gektarida dukakli, 14 gektarida poliz ekinlari yetishtirilmoqda, – deydi viloyat fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.Abdusalomov. – Yil avvalida barcha tumanlarda faoliyati yoʻlga qoʻyilgan 43 ta “Tomorqa xizmati” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 12 ming 409 ta xonadon egasi bilan tuzilgan shartnomaga asosan 2 ming 456 ta tomorqa shudgorlab berildi. 482 mingta sabzavot, 2 ming 140 meva koʻchati, 51 ming 352 kilogramm urugʻlik bilan taʼminlandi. 225 ta xonadonga issiqxona qurib berildi. Ming nafardan ortiq fuqaroga 3 ming 500 bosh parranda, 54 bosh zotdor quyon, 183 bosh qoramol, 633 bosh qoʻy, 168 ta asalari uyasi yetkazib berildi. Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan 87 nafar fuqaroga 1,9 milliard soʻm, masʼuliyati cheklangan jamiyatlarga 3,5 milliard soʻm mablagʻ ajratilib, bu maqsadlarga jami 20,5 milliard soʻm yoʻnaltirildi.
Viloyat hokimligi, viloyat fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, viloyat mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi hamda qator jamoatchilik tashkilotlari hamkorligida olib borilgan saʼy-harakatlar bois mavjud tomorqalarda moʻl-koʻl, sifatli, bozorbop, xaridorgir sabzavot, poliz, dukakli va moyli, boshoqli va ozuqa ekinlari, mevalar yetishtirildi.
Aholining toʻqsonbosdi ekinlarga qiziqishini ortib borayotganligini dehqonchilikning bu yoʻnalishdagi salmogʻi 30 foizga ortgani yoki bugungi kunda toʻqsonbosdi ekinlari maydoni 9 ming gektardan oshib ketgani koʻrsatib turibdi. Eng kamida uch marta hosil olish yoʻlidagi tizimli ishlar yana-da qizgʻin davom ettirilmoqda. Natijada, viloyat bozorlarida arzon, sifatli qishloq xoʻjalik mahsulotlar hajmi ortib borishi bilan birga eksport zaxirasi yaratilishi yoʻlida muhim qadamlar qoʻyilmoqda. Eng asosiysi viloyatning barcha tuman va qishloqlarida bir xil mahsulot yetishtiradigan "Bir mahalla – bir mahsulot tamoyili” asosida faoliyat koʻrsatayotgan hududlar soni kundan-kunga koʻpayib boryapti.
Jumladan, Namangan, Uychi, Uchqoʻrgʻon, Norin tumanlarida pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri, rediska, qulupnay, limon; Pop, Chust, Toʻraqoʻrgʻon, Chortoq, Yangiqoʻrgʻon, Kosonsoy tumanlarida meva, poliz yetishtirishda oʻziga xos maktablar yaratilmoqda. Bu tomorqa egasiga ham uni bozor va chetga yetkazib beruvchi xaridor tadbirkorlarga ham qulayliklar yaratmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-dekabrdagi “2019-2020-yillarda suv taʼminoti ogʻir boʻlgan hududlardagi aholi tomorqalariga suv yetkazib berish uchun sugʻorish quduqlarini qazishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Pop tumanida 6 ta, Yangiqoʻrgʻonda 9 ta artezian quduqlari qazish rejalashtirilgan edi. Bu muhim inshootlarni oʻz vaqtida foydalanishga topshirish maqsadida jamgʻarma tomonidan jami 1 milliard 442 million soʻm mablagʻ ajratildi. Hozirda Yangiqoʻrgʻon tumanining Tinchlik mahallasi hududidagi qudugʻq foydalanishga topshirilib, 70 dan ortiq xonadon va 2,5 gektar yer maydoni suv bilan taʼminlandi. Yil oxirigacha yana 300 xonadon tomorqasiga obi-hayot olib kirish koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari, dehqon xoʻjaliklari, tomorqa yerlari, bogʻ oralarida ichki bozor ehtiyoji uchun va serhosil, yuqori daromad beradigan, eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, qishloq aholisining moddiy manfaatdorligini oshirish maqsadida joriy yilda 11,7 ming gektar yerga toʻqsonbosdi, 10,9 ming gektarga ertaki, 15,5 ming gektarga takroriy ekinlar ekildi va ulardan 542,1 ming tonna hosil olish rejalashtirilgan.