Har qanday yuksak g‘alabalar maktab ostonasidan boshlanadi
Yuksak g‘alabalarga o‘z-o‘zidan erishilmaydi.
Tinimsiz izlanish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash muvaffaqiyatlarning bosh omilidir. Aniq reja, belgilangan “Yo‘l xarita” va albatta, manzilli dasturlar yutuqlarning o‘q ildizi hisoblanadi. Ayni holatlarning mujassamligi sababli Vatanimiz sportchilari Tokio olimpiadasida ko‘zlangan marralarni qisman zabt etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida Vatanimiz sport qudratiga munosib hissa qo‘shgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuvda “Agar kimdir, bundan keyin ham oldingi Olimpiya o‘yinlarida bo‘lgani kabi faqat yakkakurash sport turlari hisobidan yutuqlarga erishamiz, deb o‘ylasa adashadi. Bilib qo‘yinglar, bu – mutlaqo noto‘g‘ri yondashuv. Vatanimizning sport sohasidagi ulkan salohiyatini namoyon etishda 2024 yilda bo‘ladigan Parij Olimpiadasi yanada muhim ahamiyatga ega. Bo‘lg‘usi Olimpiada oldidan futbol, basketbol, gandbol, chim ustida xokkey, regbi, voleybol singari jamoaviy sport turlari bo‘yicha ham yo‘llanmalarni qo‘lga kiritish asosiy maqsadimiz bo‘lishi zarur”, dedi.
Xo‘sh, jamoaviy sport turlaridagi imkoniyalarimiz, shart-sharoitlar qanday? “Parij-2024” yo‘lida sport federatsiyalarida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Hukumatimiz tomonidan yaratib berilayotgan qulayliklardan yurtimiz sport jamoatchiligi samarali foydalaib, O‘zbekistonning xalqaro sport imijini yanada oshirish tamoyillarini yaratishyaptimi? O‘zbekiston regbi federatsiyasi ijrochi direktori Rustam Nabiyev bilan shu xususida suhbatlashdik.
- Ma’lumki, 2019 yil 29 oktyabrda Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida regbi sport turini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. O‘tgan davr mobaynida mazkur hujjatda belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirildi?
- Darhaqiqat, mazkur tarixiy qaror regbi sport turining rivoji yo‘lida biz uchun dasturilamal bo‘lmoqda. Chunki, shu paytgacha o‘yin sport turlari orasida o‘zining alohida sifatlari bilan ajralib turadigan regbiga davlat tomonidan e’tibor qaratilmagan edi. O‘tgan davr mobaynida mazkur qaror ijrosi doirasida tizimli ishlar amalga oshirildi.
Mamlakatimizda regbi sport turi o‘tgan davr mobaynida juda abgor ahvolda edi. 2019 yildan e’tiboran O‘zbekiston regbi federatsiyasi raisi yetakchiligidagi jamoamizning amalga oshirgan keng ko‘lamli sa’y-harakatlari natijasi hamda mazkur qarorning qabul qilinishi bilan “regbi parvozi” joyidan siljidi. Musobaqalar o‘tkazish, o‘quv mashg‘ulotlar tashkil etish, kerakli mutaxassislarni jalb etish, hamkor tashkilotlar bilan zarur dasturlarni amalga oshirish ishlari boshlanib ketdi. Xususan, qaror asosida O‘zbekiston Milliy va Chirchiqdagi jismoniy tarbiya universitetlarida regbi fakultetlari ochildi.
Bundan tashqari, 2020 yilda davlatimiz rahbarining respublika musobaqalari sovrindorlari va chempionlarini ta’lim muassasalariga qabul qilish to‘g‘risidagi farmonidan so‘ng regbichilarimizning 50 nafarga yaqini oliy o‘quv yurtlariga qabul qilindi. Bu yil Milliy universitetga qabul kvotasi bo‘yicha 25 nafar, Jismoniy tarbiya va sport universitetiga 20 sportchi qabul qilindi. Bu regbi rivojida o‘ziga xos siljish, deyish mumkin. Chunki bugungi kunda afsuski, mamlakatimizda aynan regbiga ixtisoslashgan, shu sport turida kamolga yetgan bitta ham murabbiy yo‘q edi. Bor mutaxassislarning deyarli barchasi u yoki bu sport turida shug‘ullanib, keyin regbiga jalb qilingan xodimlar sanaladi. Bugun oliy ta’lim muassasalariga regbi bo‘yicha qabul qilingan yoshlar kelajakda O‘zbekiston regbisining haqiqiy poydevorlari bo‘lib yetishadi.
Qarorda mamlakatimizda mavjud 15 ta olimpiya zahiralari kollejida regbi filiallari ochilishi kerakligi belgilangan edi. Sport vazirliginingolimpiya zahiralari kollejlarida regbi bo‘yicha filial ochish to‘g‘risidagi buyrug‘i ham tasdiqlangan. Afsuski, 2020 yil faqat Tayloq olimpiya zahiralari kollejida bo‘lim ochishga muvaffaq bo‘lindi. Bu yil davomida biz turli idoralar va vazirliklarga kvota ajratish talabi bilan murojaat qildik. bugungi kunga kelib 5 ta mintaqada va olimpiya zahiralari kollejlarida regbi bo‘limlarini ochish uchun kvota berish masalasi istisno sifatida ko‘rib chiqilmoqda.
- Bunga Prezidentimizning Tokio olimpadachilari bilan uchrashuvda jamoaviy o‘yin sport turlarini rivojlantirish to‘g‘risidagi so‘zlari ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa kerak.
- Haqiqatdan ham, davlatimiz rahbarining joriy yil 13 avgustda olimpiadachilarimiz bilan uchrashuvda o‘yin sport turlari, xususan regbi bo‘yicha aytgan gaplari juda katta turtki bo‘ldi. O‘ylaymanki, mutasaddi rahbarlar Prezidentimizning shu so‘zlaridan keyin O‘zbekiston regbi federatsiyasining talablarini qayta ko‘rib chiqishar, degan fikrdamiz. Lekin hozircha bu ta’lim muassasalariga regbi o‘yinchilarini qabul qilish to‘g‘risida buyruq berilmagan.
- Qo‘shni Qozog‘istonda 20 dan orttiq regbi klublari mavjud. O‘zbekistonda regbi klublarining ahvoli qanday?
- Regbi Angliyada paydo bo‘lgan sport turi hisoblanadi. O‘tgan asrning 60-70 yillaridan regbi bo‘yicha O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ajralmas rivojlanish aloqalari mavjud. Qozog‘istonda 20 ta regbi klubi bor, deyish xato. 20 jamoa bo‘lishi mumkin. Regbi masalasida ularning vaziyati biz bilan deyarli bir xil. Mamlakatimizning bir qator tashkilotlari, jumladan, huquqni muhofaza qilish organlarida 22 ta, qolaversa, boshqa idoralar tarkibida ham ma’lum bir regbi jamoalari mavjud va ularning ichki va o‘zaro musobaqalari muntazam o‘tkazilib kelinadi. Birgina misol, 2019 yil o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionati erkaklar bahsida 17 ta va ayollar musobaqasida 12 ta jamoa ishtirok etdi.
Bugun O‘zbekistonning barcha viloyatlarida regbi federatsiyalari tashkil etildi. Faqat Qashqadaryo viloyatida mazkur ish o‘z yechimini topganicha yo‘q. Shu o‘rinda aytish lozimki, davlatimiz rahbari tomonidan regbini rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorda har bir viloyat hokimligi regbi bo‘yicha professional klublar tashkil etish lozimligi qayd etilgan bo‘lsa-da, qarorning ushbu bandi o‘z ijosini topganicha yo‘q. Agar, qaror bandlari belgilangan vaqtda bajarilsa, aminmizki, O‘zbekiston regbichilari so‘zsiz Parij olimpiadasida qatnashish imkoniga ega bo‘ladi. Buning uchun bizda imkoniyat bor. Faqat kerakli shart-sharoitlarni yaratish, qo‘yilgan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish lozim.
- Mazkur qarorda to‘rt bosqichli regbi musobaqalari tizimini joriy etish belgilangan. Bu boradigi ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yildimi?
- Afsuski, bu masala regbi sport turida hali ham o‘z yechimini topgani yo‘q. Bilasiz, regbi federatsiyasi jamoat tashkiloti. Har qanday sport turi bo‘yicha ichki birinchilik, chempionatlarni o‘tkazish bo‘yicha mas’ul davlat sport tashkilotlari mavjud. Yillik kalendar rejalar ishlab chiqiladi, tasdiqlanadi. Biroq ayrim sport turlari bo‘yicha musobaqalar qog‘ozlarda qolib ketaveradi. Regbi bo‘yicha 4 bosqichli, ya’ni maktab-tuman-hudud-respublika bosqichini o‘tkazish tizimi hali ishga tushmagan. Boisi, mamlakatimizda regbi maydonlari, sport inventarlari, qolaversa mutaxassislar borasida katta muammolar mavjud. Har qanday sport turining rivoji albatta, ommaviylikka bog‘liq. Ommaviylik esa maktab ostonasidan boshlanadi. Ommaviy sport maskani bo‘lgan maktablarda hozircha regbi yo‘q. Ba’zida Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Farg‘ona, Namangan, Toshkentda hududiy musobaqalarni ming bir mashaqqat bilan o‘tkazib, keyin respublika chempionatlarini tashkillashtirishga to‘g‘ri keladi. Biz haligacha 4 bosqichda o‘tadigan musobaqalarni 2 bosqichda o‘tkazib kelmoqdamiz. Masalan, voleybol, basketbol, futbol va qo‘l to‘pi o‘yinlari maktab o‘quv dasturiga kiritilgan. Ushbu turlarda maktab, tuman, viloyat, respublika musobaqalari doirasida o‘zlari uchun maktab ligasini tuza olishlari mumkin. Lekin o‘nlab yillar davomida qurilgan infratuzilma bilan ham hali to‘rt bosqichli musobaqa tizimi joriy etildi, deya maqtana olmaymiz.
Regbi ham o‘yin turi bo‘lsa-da, jihoz va inventarlar yo‘qligi sababli maktab o‘quvchilari o‘rtasida ommaviylashmagan. Bu borada qilinishi kerak bo‘lgan ishlarimiz juda ko‘p. Buning uchun bizda o‘quv materiallari tayyor, zarur bo‘lgan inventarizatsiyamiz mavjud. Afsuski, maktablarga regbi sportini joriy etish bo‘yicha tegishli qarorga muhtojmiz. O‘tgan yili tajriba sifatida bizga 208 ta maktab ro‘yxati berildi. Bu 208 tuman bo‘lib, har bir tumanda bitta maktab bor, lekin maktablar ro‘yxati ajratilgan, keyin Xalq ta’limi vazirligining buyrug‘i bilan jismoniy tarbiya o‘qituvchilarini tayyorlashimiz mumkin edi. Maktablarda ixtiyoriy regbi
mashg‘ulotlarini joriy etishimiz uchun tegishli vazirlik va idoralarning qat’iyatli qarori zarur. Qaror esa hali qabul qilinmagan.
- Regbi bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2022 yil Xanchjou shahri (Xitoy)da o‘tkaziladigan Osiyo o‘yinlarida ishtirokini ta’minlash va kelajakda 2024 yilgi olimpiya o‘yinlarida qatnashuviga erishish mazkur qaror asosida ishlab chiqilgan dasturda ko‘rsatib o‘tilgan. Bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
- Moliyaviy qo‘llab-quvvatlanmagan har qanday dastur faqat qog‘ozdagi rekorddir. Prezidentimizning qarori bor, dasturlar qabul qilingan. Biroq moliyaviy manba bo‘lmasa, barchasi bekor.
O‘zbekistonda regbi bo‘yicha alohida sport bazasi yo‘q. Regbi musobaqasini o‘tkazish uchun hamisha futbol bo‘limlarini yoki boshqa bo‘limlarga tegishli bazalardan ijara asosida foydalanamiz. Sportchilarimizning xalqaro musobaqalarga muntazam tayyorgarlik ko‘rishlari uchun tegishli mablag‘ manbasini topishda doimiy muammolarga duch kelamiz.
Xabaringiz bor, joriy yilning 17-19 sentyabr kunlari Toshkentda 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi. Bu borada Vazirlar Mahkamasining bayonnomasi mavjud bo‘lsa-da, sportchilarning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini moliyalashtirish va ushbu chempionatga tayyorgarlik ko‘rishda qiyinchiliklar borligi haqiqat. Mazkur muammoli vaziyatdan chiqish uchun hozircha O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasidan ko‘mak oldik. Ko‘rib turganingizdek, regbi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi kelgusi yili Xitoyda o‘tadigan Osiyo o‘yinlariga va 2024 yilgi Parij olimpiadasiga shunday murakkab sharoitda tayyorgarlik ko‘rmoqda
Biroq shuni iftixor bilan ta’kidlashni istardimki, sportchilarimiz, murabbiy va mutaxassislarimizda ushbu nufuzli musobaqalarda ishtirok etish uchun katta ishtiyoq bor. O‘ylaymanki, ularning bu orzu-intilishlari amalga oshadi.
- Albatta, har bir muvaffaqiyat murabbiy va mutaxassislarning professional faoliyati bilan bog‘liq. Shu ma’noda, O‘zbekistonda tajribali regbi trenerlar, mahoratli mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha qanday ishlar qilinmoqda?
- Bu savolingizga qisman javob berdim. Shunday bo‘lsa-da, asosiy masalani aytib o‘tish lozim, nazarimda. Hozirda ko‘pchilik regbi mutaxassislari asosan basketbol va qo‘l to‘pidan. Ular regbida ishlashni istashadi. Muhimi, ularda murabbiylik tajribasi bor. Faqat qo‘l to‘pi yoki basketboldan regbiga o‘tishlari kerak. Ammo bu jarayon 2021 yil 1 martdan Turizm va sport vazirligi huzuridagi Murabbiylarni qayta tayyorlash markazi tomonidan taqiqlandi. Ya’ni, mutaxassisning bir sport turidan ikkinchisiga o‘tishi juda katta jarayonni talab etadigan bo‘ldi. Ilgari murabbiy arizasi va kerakli bilim asosida sertifikat olishi mumkin edi. Shu boisdan, biz regbi murabbiylar sonini ko‘paytirish masalasida samarali mexanizmni qayta ko‘rib chiqyapmiz.
- Har bir sport turining ommaviylashishi, o‘z navbatida, sport jihozlariga bog‘liq. Shu ma’noda, regbi sport turining inventar va jihozlarini mamlakatimizda ishlab chiqish yoki xorijiy mamlakatlardan olib kelish masalasida yechimini kutayotgan masalalar bormi va bu ishlar qanday hal etilmoqda?
- Yana bir og‘riqli masalani aytdingiz. Mamlakatimizda mavjud sport do‘konlariga e’tibor bersangiz, ularda regbidan tashqari har qanday sport turlari uchun anjomlar mavjudligiga guvoh bo‘lasiz. Futbol, voleybol, yakkakurashlar uchun jihozlar bor. Ammo regbining birorta jihozini topolmaysiz. Shu bois, regbi federatsiyasi barcha jihozlarni chet eldan valyutaga olib kelmoqda. Bu katta mablag‘. Sport vazirligida regbini inventarizatsiya qilish uchun bunday xarajatlar ko‘zda tutilmagan. Milliy olimpiya qo‘mitasida ham bunday imkoniyat yo‘q. Shu sababli, regbini keyingi davrda muttasil rivojlanadigan sport turlari safiga qo‘shish borasida bir qator masalalarni hal etish lozim bo‘ladi.
- Joriy yilning 18-19 sentyabr kunlari Toshkentda regbi bo‘yicha 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida o‘tkaziladigan chempionatga tayyorgarlik ishlari qanday kechmoqda?
- Aytib o‘tilgan muammo va yechimini kutayotgan masalalarga qaramasdan joriy yilda 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida ikkita turnir va regbi-7 bo‘yicha respublika chempionatini o‘tkazdik. Bilasizki, aynan regbi-7 olimpiya o‘yinlari tizimiga kiritilgan. Shu sababli keyingi yillarda ayni yo‘nalishga katta e’tibor qaratyapmiz.
Qoraqalpog‘iston Rkspublikasi, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida ham bir qancha o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil etildi. Maqsad, Osiyo va olimpiya o‘yinlari darajasiga chiqish, albatta. Toshkentda o‘tkazilishi belgilangan Osiyo chempionati ham shu yo‘nalishdagi katta rejaning bir qismidir. Tayyorgarlik ishlari reja asosida olib borilmoqda. O‘ylaymanki, barchasi qiyinchiliklarga qaramasdan yuqori saviyada tashkil etiladi.
- Joriy yilda yurtimiz regbichilarining qanday xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi rejalashtirilmoqda?
- Bu yil terma jamoamiz a’zolari uchun bir qator musobaqalarni rejalashtirganmiz. Ulardan eng asosiysi dekabrda BAAning Dubay shahrida o‘tkaziladigan “Dubay-sevinc” xalqaro turniridir.
O‘zA muxbiri To‘lqin RO‘ZIEV suhbatlashdi.