Har qanday axborot, avvalo, aql va qonun tarozisida o‘lchanishi shart
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining tashabbusi bilan Odil sudlov akademiyasida tashkil etilgan “Sud jurnalistikasi” kursidagi o‘quv jarayonida sud tizimi va uni yoritish borasidagi qarashlarim asl haqiqatdan yiroq bo‘lganini anglatdi.
Shu yilning aprel oyidan boshlangan mashg‘ulotlarda bizga mashhur jurnalistlar, tajribali sudyalar, malakali huquqshunoslar va soha ekspertlari tomonidan sud organlari faoliyatini yoritishning o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida dars mashg‘ulotlari o‘tildi.
Professional kurs davomida sud jurnalistining kasbiy qiyofasi, uning zimmasidagi vazifa va vakolatlari, huquq va majburiyatlari, ayniqsa mas’uliyati qonunchilik va amaliyot tahlili asosida batafsil tushuntirib berildi.
Mamlakatimizdagi sud tizimi, uning yo‘nalishlari, xususan jinoyat, fuqarolik, ma’muriy hamda iqtisodiy sudlarning o‘zaro farqli jihatlari xususida atroflicha ma’lumot berildi.
Eng muhimi, sud protsesslarida jurnalistning ishtirok etish tartibi, sud protsessini tasvirga tushirish, unda ovoz yozib olish qoidalari malakali mutaxassislar tomonidan o‘rgatildi.
Dars mashg‘ulotlarining nazariy qismi amaliyot bilan uyg‘un muvofiqlashtirilgan holda olib borilib, ya’ni bevosita sud protsesslarida o‘zimiz ishtirok etdik. Sud protsessi jarayonini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik va bundan keyin sud organlari faoliyati to‘g‘risida tasavvurimiz o‘zgardi. Ochiq sud majlislarida bevosita ishtirok etish va protsessual jarayonlarni kuzatish orqali tizim faoliyatini ichkaridan turib, xolis baholash imkoniyatiga ega bo‘ldik.
Ushbu jarayonda amin bo‘ldimki, bugungi jamiyatda sud organlari, sudyalar maqomi va sud ishlariga nisbatan muayyan stereotiplar hali ham mavjud ekan.
OAVda sud ishlarini yoritishda ba’zan bir tomonlama yondashuv yoki hissiyotlarga berilish holatlari kuzatiladi. Vaholanki, sud-huquq mavzusidagi har bir noto‘g‘ri talqin yoki asossiz xulosa inson taqdiri, uning sha’ni, qadr-qimmati va qonuniy huquqlariga daxl qiladi.
Sudya hukm yoki qaror chiqarishda qonun va vijdon oldida qanchalik mas’ul bo‘lsa, jurnalist ham sud jarayoni to‘g‘risidagi xolis va haqqoniy ma’lumotlarni ommaga yetkazib berishda shunchalik javobgarlikni his etishi shart. Chunki, OAV vakilining birgina noaniq yoki shoshma-shosharlik bilan bergan xabari jamiyatda noto‘g‘ri tasavvur, asossiz shubha va ijtimoiy noroziliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Mashg‘ulotlar davomida anglaganim yana bir muhim haqiqat shu bo‘ldiki, sud majlislarining doim ham ochiq bo‘lmasligining qat’iy, qonuniy va asosli sabablari mavjud ekan. Ayrim toifadagi ishlarda fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligi, tijorat yoki davlat sirlarini muhofaza qilish zarurati tug‘iladi. Shu nuqtai nazardan, jamiyat talab qilayotgan oshkoralik prinsipi va qonunchilik tomonidan kafolatlangan maxfiylik o‘rtasidagi nozik muvozanatni to‘g‘ri anglash hamda o‘quvchiga to‘g‘ri tushuntira olish bosh mezondir.
Xulosa qilib aytganda, “sud jurnalistikasi” kursi menga bir kasbiy haqiqatni o‘rgatdi: har qanday axborot, avvalo, aql va qonun tarozisida o‘lchanishi shart. Sud hokimiyatiga oid har qanday mavzu esa balandparvoz hissiyotlardan xoli ravishda, faqat xolislik, aniqlik va yuksak mas’uliyat mezoni asosida yoritilishi zarur.
Laylo Ochildiyeva,
“Sud jurnalistikasi” kursi tinglovchisi