Har payshanbada “Yoshlar sayli” (+video)
Bugun – payshanba ertalabdan viloyat hokimi boshchiligida barcha rahbarlar ishtirokida korxona, o‘quv yurti, dala shiyponlari, qayerdaki yoshlar ishlasa yoki o‘qisa, o‘sha yerda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Farg‘ona shahrida yangi an’ana boshlab berildi. Endi Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi bog‘da har payshanba kuni “Yoshlar sayli” tashkil etiladi.

Bugun bog‘ yoshlar bilan gavjum bo‘ldi. Har yerda yoshlarning ijodiy ko‘rgazmalari ochildi. Ularning ixtiro va ishlanmalari, informatsion texnologiyaga kiritmoqchi bo‘lgan takliflari, Vatan, tabiat manzaralari mohirona aks ettirilgan tasviriy asarlari namoyish qilindi.
Eng gavjum joylarning biri yangi kitoblar taqdimoti rastasi edi. Unda “Birinchi kitobim” loyihasi mualliflari o‘z asarlarini ilk bor kitobxonlarga taklif etishdi.

Xalq o‘yinlari saylga fayz kiritdi. Arqon tortish, dorbozlar chiqishlari, kuy va qo‘shiqlar yoshlarni tez davraga chorladi.
“Yoshlar sayli”ga kela olmaydigan bolalar ham e’tibordan chetda qolishmadi. Ko‘ngilli yoshlar guruhi – volontyorlar ularning oldiga borib kelishdi.

– Bu yerda yoshlar uchun kerak bo‘lgan barcha yo‘nalishdagi loyihalar taqdim etilmoqda,– deydi volontyorlar guruhi a’zosi Durdona G‘ofurova. – Men ham ko‘ngillilarning “Quvonch” loyihasida ishtirok etyapman. Biz "Mehribonlik uyi"dagi bolalarga quvonch ulashamiz. Volontyorlik guruhimizda 90 dan ortiq yoshlar bor. Biz 200 dan ortiq nogironligi bo‘lgan bolalarni otaliqqa olganmiz. Bilganim shuki, ularga mehr kerak ekan. Ular bilan ishlaganda shuni ham tushundimki, ular juda qobiliyatli.

“Zakovat” intellektual o‘yini yoshlarning aqlini charxladi. Bu yerda interaktiv maydon tashkil etilib, ochiq muloqotlar bo‘ldi. Sayl yoshlarning konserti va an’anaviy osh tanlovi bilan davom etdi.
Faollar taqdirlandi va ular “Kelasi payshanbagacha” deya xayrlashdilar.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/IY79TVA9VTw" title="Har payshanbada “Yoshlar sayli”" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA