Har bir yosh yaxshi yashashga haqli
Yurtimizda aholining, xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni turli kasb-hunarga o‘qitish hamda bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, Konstitutsiyamizning 42-moddasida har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik, gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek, ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega, deb belgilab qo‘yilgan. Qolaversa, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham inson qadrini ta’minlashga qaratilgan maqsadlar o‘rin olgan. Strategiyaning 66-maqsadi bevosita nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish, ularning hayot sifati va darajasini oshirish masalalariga qaratilgan.

– Joriy yilda Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan grant tanlovida ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdik, – deydi “Madadkor yoshlar” markazi rahbari Gulbadanbegim Nuriddinova. – “Har bir yosh yaxshi yashashga haqli” deb nomlangan loyiha doirasida Navbahor tumanidagi nogironligi bo‘lgan shaxslar va “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan kam ta’minlangan oila farzandlarini kasbga o‘qitish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar rejasi tuzib olganmiz. Rejaga asosan tumandagi 97 nafar nogironligi bo‘lgan yoshlarning ro‘yxati shakllantirildi hamda o‘qitish uchun maxsus o‘quv dasturlari tasdiqlandi.

Markaz tomonidan bepul o‘quv kurslarining “Milliy hunarmandchilik”, “Tikuvchilik”, “Turli shaklda gullar tayyorlash”, “Kompyuter savodxonligi” kabi yo‘nalishlarini muvaffaqiyatli tugatgan yoshlarga grand mablag‘lari hisobidan o‘z ish faoliyatlarini boshlashi uchun xomashyolar olib berilmoqda.

Loyiha doirasida 1- va 2-bosqichlarda Beshrabod, Qahramon, Dul-dul, Armijon, Qorovultepa mahallalarida istiqomat qiluvchi 74 nafar nogironligi bo‘lgan yosh kasb-hunarga o‘qitildi. Ularning 9 nafari doimiy ishga joylashtirildi. 16 nafari o‘zini-o‘zi band qilib, uyda mustaqil daromad olishi uchun ish faoliyatini yo‘lga qo‘ygan bo‘lsa, 8 nafar o‘quv kurslarni muvaffaqqiyatli tugatgan yoshlarga loyiha doirasida ish faoliyat boshlashi uchun xomashyo va uskunalar olib berildi.

– Men 1-bosqichda 3 oy davomida bepul tikuvchilik o‘quv kursida o‘qidim, – deydi Halovattepa mahallasida yashovchi 2-guruh nogironi Marjona Sanaqulova. – Uyimdan qatnab ishlashga imkoniyatim va sog‘lig‘im to‘g‘ri kelmaganligi tufayli menga loyiha doirasida tikuv mashinkasi olib berildi. Bugungi kunda uyda o‘tirib, tikuvchilik faoliyati bilan shug‘ullanmoqdaman.

Inson qadri ulug‘langan yurtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslar ham aholining boshqa qatlamlari bilan teng sharoitlarda mehnat qilib, faol hayot ishtirokchilariga aylanmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri