Har bir tadbirkor bugungi islohotga mas’ul va uning ijrochisidir
Ish bilganga ming tanga, deb xalqimiz bejiz aytmaydi. Ana shu maqolni hozirgi hayotga mengzaydigan bo‘lsak, bugungi islohotlar fuqarolarimizni ishbilarmonlikka va jamiyat hayotida o‘z o‘rnini topishga chorlamoqda.
Shundanmi, bugun ishbilarmonlik muhitini yaratish xayrli ish bo‘lib qoldi. Tadbirkorlikka bel bog‘lagan har bir fuqaro esa hukumatimiz e’tiborida. Qanday bo‘lsa-da, yurtimiz fuqarosi mo‘may daromad topsin. Davlatimiz ularga ko‘makchi bo‘lsin. Imtiyozlar bersin. Odamlarimiz to‘kin-sochinlikda yashasin. Bu talablar bugungi O‘zbekistonimizning siyosati, ochiqligi va shaffofligidan dalolat beradi.
Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan tadbirkorlarga katta e’tibor qaratilib, ularning yutuqlari bardavom bo‘lishiga va muammolarini birgalikda yechish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilayotgani quvonarlidir.
Bugun Prezidentimiz tadbirkorlik sub’ektlariga katta ishonch bildirib, ular bilan yuzma-yuz muloqotga kirishayotgani, ularning istak-xohishi va muammolarini tinglashi zamirida xalqimizning farovon hayoti va mamlakat iqtisodiyotining barqarorligini ta’minlashdek ulkan maqsadlar bor.
Joriy yilning 22 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ishbilarmon doiralar vakillari bilan navbatdagi ochiq muloqoti bo‘lib o‘tadi.
Shu munosabat bilan tegishli vazirlik va tashkilotlar tadbirkorlar ishtirokida keng ko‘lamda muloqotlar tashkil etmoqda.
Toshkent shahridagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida bo‘lib o‘tayotgan “Tadbirkorlar bilan muloqot haftaligi” ham ulardan biridir.
Toshkent shahri va viloyatlardan kelgan ishbilarmon doira vakillari tegishli vazirlik va tashkilotlar mas’ullariga faoliyatida duch kelayotgan muammolari bilan murojaat qilmoqda. Bir vaqtning o‘zida ularning muammolari daftarga qayd etilib, shtabga taqdim etish choralari ko‘rilmoqda.
[gallery-8385]
Qizg‘in va qiziqarli muloqotlar bilan tanishuv jarayonida yurtimiz tadbirkorlarining muammolardan chekinmay, katta maqsad sari dadil borayotgani va mas’ullarning esa bu masalalarga jiddiy yondashuvlariga guvoh bo‘ldik. Ularning savol-javoblari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlaridan anglash mumkinki, har bir fuqaro mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga befarq emas, aksincha, ular o‘zlarini mas’ul va ijrochisi ekanini his etmoqda.
Fursati kelganda, biz ham ochiq muloqotga kelgan tadbirkorlar bilan suhbatlashdik va intervyu oldik.
Poytaxtimizdagi “Solara” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Sanat Qurbonniyozov “Tadbirkorlar bilan muloqot haftaligi”ga energetika yo‘nalishi bo‘yicha o‘zi duch kelayotgan muammoga yechim izlab kelibdi. Mas’ullar unga yordam berishini va’da qilibdi. Bu haqda u shunday dedi:
– Korxonamiz xonadon, korxona va tashkilotlarga quyosh panellarini o‘rnatish bilan shug‘ullanadi. 2016 yil o‘z faoliyatini boshlagan korxona tomonidan shu kunga qadar 300 dan ortiq quyosh paneli o‘rnatilgan. Ulardan 20 foizi xonadonlarni tashkil etsa, qolgan qismi korxona va tashkilotlardir. Masala shundaki, o‘rnatilgan quyosh panellari uchun 610-reglament bo‘yicha iste’molchi “Hududuiy elektr tarmoqlari” AJ bilan shartnoma tuzishi talab etiladi. Bu iste’molchining o‘zidan ortib qolgan elektr energiyasini davlatga sotish bo‘yicha shartnomadir. Toshkent shahridagi iste’molchilarimizda bunday muammolar yo‘q. Ular o‘zlaridan ortib qolgan elektr energiyasini shartnoma asosida davlatga sotyapti. Lekin Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Navoiy viloyatlarida quyosh panellari o‘rnatilgan xonadon va korxonalar bilan shartnoma tuzish masalasida muammo vujudga kelyapti. bugungi ochiq muloqotda shu bo‘yicha yordam so‘ragan edim. Bu murojaatimni hal qilish maqsadida menga “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi Ulug‘bek Mustafoyev tomonidan mutaxassislar biriktirildi.
– Men Andijon viloyati Izboskan tumanidagi “Tuyachi” qishlog‘idan keldim. Tadbirkor o‘g‘limning 47 sotix xususiy yeri bor edi. O‘shanga o‘tgan yili 785 ming so‘m soliq to‘lovi chiqdi, to‘ladik. Bu yilga 10 million soliq chiqqan. Yer tashlandiq va chekka joy. Biz bu yerda parrrandachilikni yo‘lga qo‘yamiz degan edik. Boqayotgan parrandalarga kasallik tegib, qirilib ketdi. Bir yilda bu tashlandiq joydan 10 million foyda ko‘ra olmaymiz. Shu sababli, tadbirkorlar bilan muloqot tashkil etilganiga soliq to‘lovlarini hal etish bo‘yicha keldik. Soliq qo‘mitasi mas’uli tomonidan to‘lovlar bo‘yicha tushuncha, ko‘rsatma va tavsiyalar berildi, – dedi Marinbek Yusupov.
Logistika yo‘nalishi bo‘yicha tadbirkorlik qilib kelayotgan Rustam Sobirovning murojaatiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas’ullari e’tibor qaratib, yordam berish mas’uliyatini oldi.
– Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot juda yaxshi tashkil etildi. Bu yerga kelgan har bir tadbirkorga mas’ullar amaliy yordam va tasvsiyalarini berdi. Men ikkita loyiha – Toshkent viloyati atrofida avtoservis va avtomobil yuvish manzillarini qurish bo‘yicha murojaat qildim. Masalaga O‘zbeksiton Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas’ullari tomonidan yordam beriladigan bo‘ldi. Bu kabi muloqotlarni tashkil etgan Prezidentimizga va mutasaddilarga rahmat aytaman. Bunday uchrashuv biz, tadbirkorlarga katta madad va kuch bag‘ishlaydi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri