Har bir satrida mehr va eʼtibor mujassam...
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi menda yana bir bor katta tasavvur uygʻotdi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi menda yana bir bor katta tasavvur uygʻotdi.
Prezidentimiz nutqini televideniye orqali jonli tinglar ekanman, amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida inson manfaati, yurt kelajagi farovon turmushimizning davomiy yoʻlini koʻrdim. Men kabi boshqa vatandoshlarimizda ham bugungi kundan rozi, ertangi kunga boʻlgan ishonchni his qilganiga shubham yoʻq.
Dastlab, Prezidentimiz ushbu tantanali marosimda pandemiya tufayli bu yil Mustaqillik bayramini har doimgidek katta tantana va sayillar bilan nishonlay olmayapmiz deya taʼkidlagan edi. Bunda fuqarolarimiz salomatligi birinchi oʻringa qoʻyilganligining oʻzi mamlakatimizda inson manfaati eng oliy qadriyat ekanligining bir koʻrinishi hisoblanadi.
Prezidentimiz nutqidan kelib chiqib aytadigan boʻlsam, oʻzining maʼno-mazmuni, bunyodkorlik koʻlami, mohiyati va ahamiyati bilan oʻtgan 29 yillik davr mamlakatimiz tarixiga oltin harflar bilan bitilgan tom maʼnodagi buyuk bir davr boʻldi.
Yurtimiz istiqloli bizning oldimizda ulkan imkoniyatlar ochdi va xalqimiz uchun erkin va farovon hayot barpo etish, dunyo hamjamiyatidan munosib oʻrin egallashdek yuksak maqsadlar yoʻlida mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilmoqda.
Tarixan qisqa, biroq mazmunan asrlarga teng bu yillar davomida xalqimiz milliy taraqqiyot yoʻlidan izchil va qatʼiyat bilan borib, barcha sinov va mashaqqatlarni yengib oʻtib, olamshumul yutuq va marralarga erishmoqdamiz.
Bu oʻz navbatida xalqimizning irodasi, kuch-qudrati va bunyodkorona mehnati samarasiga, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan siyosatiga berilgan haqqoniy baho deb oʻylayman.
Haqiqatdan ham, xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash, inson huquq va erkinliklari, qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatni taʼminlash, innovatsion taraqqiyot borasida muhim qadamlarni qoʻyganimiz aniq va bu har qadamda seziladi.
Maʼlumki, hozirgi kunda butun insoniyat qatori el-yurtimiz ham ogʻir sinovli kunlarni boshidan kechirmoqda. Murakkab pandemiya sharoitida koʻplab soha va tarmoqlar rivoji yoʻlida jiddiy muammolar paydo boʻlmoqda. Shunga qaramasdan, chet eldagi fuqarolarimizni vatanga qaytarib, ularga har tomonlama moddiy hamda maʼnaviy koʻmaklarning ham berilayotganligining oʻzida eʼtibor va mehr mujassam.
“Hech kim hech qachon unutmasligi kerak: qanchalik qiyin boʻlmasin, qancha mablagʻ va imkoniyat talab etilmasin, Oʻzbekistonning bironta fuqarosi oʻz holiga tashlab qoʻyilmaydi”, degan Prezidentimizning soʻzlaridan xalqiga aytgan otalarcha gʻamxoʻrligini yana bir bor his qildim.
Prezidentimiz ushbu nutqida ham pandemiya sharoitida qahramonlik koʻrsatayotgan shifokorlarning xizmatlari alohida aytib oʻtilishi partiyamiz elektorati boʻlgan shifokorlarimizga yana-da kuch va shijoat berdi.
Karantin davrida ham mamlakatimiz iqtisodiyotning pasayishiga yoʻl qoʻyilmaganligi va keyingi yillarda sezilarli oʻsish kutilayotganligini eshitib juda quvondim va bu Prezidentimiz tomonidan oʻz vaqtida koʻrgan tezkor chora-tadbirlarining samarasi deb uylayman.
Pandemiya sharoitida ham tadbirkorlarimizni qoʻllab-quvvatlash va ularga turli imtiyoz va yengilliklar berilganligi sir emas. Bu yil “Har bir oila – tadbirkor” dasturini amalga oshirish uchun, 4 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ yoʻnaltirilganligini maʼlum qildi Prezidentimiz.
Bundan tashqari, ushbu davrda qurilish ishlari ham toʻxtab qolmaganligi va hozirgi vaqtda birgina ijtimoiy sohaning oʻzida 2 ming 400 ga yaqin obyektda qurilish ishlari jadal olib borilayotganligi taʼkidlanib oʻtildi. Ushbu tashabbuslar ortida ham fuqarolarning yaxshi yashashi, bugungi kundan rozi boʻlib, ertangi kunga boʻlgan ishonch koʻzi bilan boqishi uchun qilinayotgan katta ishlar deb bilaman.
Umuman, Prezidentimiz nutqida keltirilgan boshqa yoʻnalishlar qatori ijtimoiy soha boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar, Vatanimiz kelajagi boʻlgan yoshlarimizning kamoli yoʻlida qilinayotgan ishlar va ilm-fanga qaratilayotgan eʼtiborni eshitib juda xursand boʻldim.
Bir soʻz bilan aytganda, biz kelajagimiz poydevorini qoʻydik, istiqlol daraxtining chuqur ildiz otishiga, farzandlarimiz baxt-saodati yoʻlida erkin va farovon turmush barpo etishga zamin yarata oldik. Mehr va eʼtiborni his qilib yashagan davlatda inson oʻzini albatta baxtli his qiladi.
Nurlibay QAIPBERGENOV,
Oʻzbekiston “Adolat” SDP
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kengashi raisi