Har bir raqam ortida inson taqdiri bor
Jizzax viloyati Jamoat xavfsizligi xizmatining Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar, sohaning mas’ul xodimlari hamda mutasaddi tashkilotlar ishtirok etishdi.
Anjumanda Jizzax viloyati IIB JXX YHXB boshlig‘i, podpolkovnik Alimaxammat Saydaxmatov tomonidan yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan tahliliy axborot taqdim etildi.
Ta’kidlanganidek, bugun yo‘l harakati xavfsizligi masalasi faqat soha xodimlarining emas, balki butun jamiyatning dolzarb vazifasiga aylanmoqda. Zero, yo‘ldagi har bir beparvolik inson hayoti, oila taqdiri va jamiyat tinchligiga daxl qiladi.
[gallery-29405]
— Har bir yo‘l-transport hodisasi ortida inson taqdiri turadi. Shuning uchun biz uchun asosiy vazifa — sodir bo‘lgan hodisani rasmiylashtirish emas, uning oldini olishdir. Profilaktika, targ‘ibot va infratuzilmani yaxshilash ishlarini aynan shu tamoyil asosida olib bormoqdamiz, — dedi Alimaxammat Saydahmatov.
Qayd etilganidek, 2026-yilning dastlabki uch oyi davomida viloyat hududida yo‘l-transport hodisalari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,9 foizga kamaygan. Jami hodisalar soni 51 tadan 48 taga tushgan bo‘lsa, o‘lim bilan bog‘liq holatlar 16 tadan 14 taga qisqargan.
Bu muayyan ijobiy natija ekani ta’kidlangani holda, ayrim hududlarda holat hanuz tashvishli ekani ham ochiq aytildi. Jumladan, Baxmal tumanida hodisalar 3 taga, Do‘stlik tumanida 4 taga, G‘allaorol tumanida 1 taga oshgan. Shuningdek, Jizzax shahri, G‘allaorol va Sharof Rashidov tumanlarida yo‘l-transport hodisalari salmog‘i yuqoriligicha qolmoqda.
Matbuot anjumanida keltirilgan tahlillar hodisalarning asosiy sabablarini ham ochib berdi. Ma’lum bo‘lishicha, sodir etilgan hodisalarning qariyb 40 foizi yo‘l infratuzilmasidagi kamchiliklar bilan bog‘liq bo‘lsa, 60 foizdan ortig‘i inson omili hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Ayniqsa, tungi vaqtda sodir bo‘lgan hodisalar jiddiy e’tibor talab qiladi. Uch oy mobaynidagi 18 ta tungi hodisaning 12 tasi yoritilmagan avtomobil yo‘llarida sodir etilgan.
Shu bois viloyatda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 163 ta yangi yo‘l belgisi o‘rnatilib, 168 tasi yangilandi. 105 ta svetofor ob’ektining ishlash rejimi qayta ko‘rib chiqildi. Qariyb 67 ming kvadrat metr yo‘l chiziqlari chizildi, 100 ta piyodalar o‘tish joyi qayta tiklandi.
Shuningdek, 82,5 ming kvadrat metr yo‘l qismi ta’mirlanib, 5 kilometr velosiped yo‘lagi va 5 kilometr piyodalar yo‘lagi barpo etildi. Qavariq piyodalar o‘tish joylari, sun’iy notekisliklar va shovqin chiziqlari tashkil qilinib, harakat xavfsizligini ta’minlash choralari kuchaytirildi.
— Yo‘l xavfsizligi faqat nazorat yoki jazo bilan ta’minlanmaydi. Bu avvalo to‘g‘ri infratuzilma, yuksak madaniyat va inson hayotiga bo‘lgan mas’uliyat bilan bog‘liq, — dedi Alimaxammat Saydaxmatov.
Anjumanda inson omili bilan bog‘liq qoidabuzarliklarga qarshi kurashish borasidagi ishlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Hisobot davrida 85 mingdan ortiq haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Shundan 12 mingdan ziyod holat qo‘pol qoidabuzarlik sifatida qayd etilgan. 181 nafar haydovchining transport vositasini mast holda boshqargani aniqlangan.
Piyodalar va yoshlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni oshirishga qaratilgan profilaktik tadbirlar ham izchil davom etmoqda. Mahallalar, ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlarda yuzlab targ‘ibot va tushuntirish uchrashuvlari tashkil etilgan.
Ayniqsa, bolalar xavfsizligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyatdagi umumta’lim maktablarida 338 ta maxsus sinfxona, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida esa 155 ta yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish maydonchasi tashkil etilgan.
Shu bilan birga, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish ishlari ham izchil davom etmoqda. Joriy yilda xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llariga 10 ta tezlikni avtomatik qayd etuvchi foto va video moslama o‘rnatildi. Piyodalar harakati yuqori bo‘lgan hududlarda esa yana 10 ta intellektual kuzatuv tizimi ishga tushirildi.
Kelgusida haydovchilik huquqiga ega bo‘lmagan yoki haydovchilik huquqidan mahrum etilgan shaxslarni avtomatik aniqlash imkonini beruvchi 52 ta zamonaviy foto va video qurilmani o‘rnatish rejalashtirilmoqda.
Anjumanda ta’kidlanganidek, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash — bu faqat statistik raqamlar ustida ishlash emas. Bu inson hayotini asrash, fuqarolar tinchligi va jamiyat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan uzluksiz va mas’uliyatli vazifadir.
— Bizning asosiy maqsadimiz raqamlarni emas, inson hayotini asrab qolishdir. Har bir fuqaro yo‘lda o‘zini xavfsiz his qilishi kerak, — dedi Alimaxammat Saydaxmatov.
Tadbir so‘ngida ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga atroflicha javob qaytarildi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA