Har bir murojaatda inson taqdiri mujassam
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqilishiga nisbatan berilayotgan e’tiborning kundan-kun ortib borayotganligi, barcha davlat boshqaruvi organlari, jumladan sud organlariga ham yuksak mas’uliyat yuklamoqda.
Bu borada qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining asosiy maqsadlaridan biri aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini to‘laqonli himoya qilishga qaratilgan...
Mamlakatimizda murojaatlar bilan ishlash va aholi muammolarni hal etish sohasida yangi davr boshlandi. Inson huquq va manfaatlarini himoya qilishning eng maqbul yo‘li sifatida hayotimizga joriy etilgan mazkur mexanizm haqiqatan ham qisqa fursat ichida o‘zining amaliy natijalarini bera boshladi.
So‘nggi yillarda aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish, ushbu sohada sifat jihatidan yangi va samarali tizimni yo‘lga qo‘yish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz rahbarligida 2021 yil 23 iyulda kengaytirilgan tarzda «Aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini mutlaqo yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida» o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi bunga yorqin misol bo‘ladi.
Oliy sud ham mazkur yig‘ilish bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha yagona huquqiy tizim yaratib, ushbu sohaga taalluqli huquqiy bazani takomillashtirib bormoqda.
Jumladan, Oliy sud Rayosatining 2021 yil 9 noyabrdagi RS-51-21 sonli qarori bilan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va quyi sudlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida»gi Yo‘riqnoma yangi tahrirda tasdiqlandi. Yo‘riqnomada sud tizimida fuqarolardan umumiy mazmunda kelib tushgan murojaatlar bilan ishlash tartibi belgilandi.
Ma’lumki, sudlarga ikki xil toifada, ya’ni protsessual va umumiy mazmundagi shikoyat (ariza) bilan murojaat qilinadi:
— umumiy mazmundagi murojaatlar xat, ariza, taklif va shikoyat bo‘lsa;
— protsessual mazmundagi murojaatlarga muayyan nizo yoki sud qarori bilan bog‘liq bo‘lgan ariza, da’vo ariza, iltimosnoma, apellyatsiya (kassatsiya) tartibidagi shikoyatlar kiradi.
Barcha fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va chet el fuqarolari buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash yuzasidan sudga og‘zaki, yozma yoki elektron shaklda murojaat qilish huquqiga ega.
Umumiy mazmundagi murojaatlar, O‘zbekiston Respublikasining «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi Qonunda belgilangan tartibda, ya’ni sudga kelib tushgan kundan boshlab 15 kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa, 1 oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi. Agar ariza va shikoyat muddati uzaytirilganda bu haqda murojaat qiluvchiga xabar beriladi.
Fuqarolik, jinoyat, ma’muriy huquqbuzarlik, iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha protsessual mazmunda berilgan shikoyatlar protsessual qonunchilikda belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqiladi.
Keyingi yillarda sud organlariga jismoniy va yuridik shaxslardan murojaat qiluvchilar soni sezilarli darajada ortib bormoqda.
Jinoyat-protsessual kodeksining 499-moddasida, birinchi va apellyatsiya instansiyasi sudining hukmi, ajrimi ustidan kassatsiya tartibida shikoyat qilishga bo‘lgan huquq mahkumga, uning himoyachisi va qonuniy vakiliga, jabrlanuvchiga va uning vakiliga, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari birinchi va apellyatsiya instansiyasi sudi hukmining, ajrimining fuqaroviy da’voga daxldor qismi ustidan shikoyat berishga haqli, deb ko‘rsatilgan.
Lekin ish bo‘yicha shikoyat berishga vakolati bo‘lmagan fuqarolar, ya’ni sudlanuvchi (mahkum), da’vogar yoki javobgarning qarindoshlari sudga ta’sir o‘tkazish maqsadida, murojaatni yuqori idoralarga, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlisi Senati, Qonunchilik palatasi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi, Konstitutsiyaviy sud, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura va boshqa davlat organlariga yubormoqda.
Murojaat qilish bo‘yicha qonun talabiga rioya etmaslik yoki tartibni bilmaslik, birinchidan, sud tizimiga aloqasi bo‘lmagan idoralarga qo‘shimcha ish, ikkinchidan, sud qarorlari ustidan shikoyat berish muddatining o‘tib ketishiga, natijada, muddatni tiklash haqida ariza berish talab etilib, fuqarolarning yana ortiqcha ovora bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.
Fuqarolarning shikoyat berishida yengillik va qulaylik yaratish maqsadida, Oliy sudning tashabbusiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining «Sudga murojaat qilish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishi va fuqarolik protsessiga soddalashtirilgan ish yuritish tartibi joriy etilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi
2021 yil 16 sentyabrdagi O‘RQ-716-sonli qonuni bilan Jinoyat-protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi, Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartirishlar kiritilib, ish bo‘yicha vakolatli shaxslar va taraflarning shikoyatga sud qarorlarini ilova qilish talabi bekor qilindi.
Keyingi yillarda aholining odil sudlovdan xabardorlik darajasini oshirishga yo‘naltirilgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini sudlar faoliyatida keng qo‘llash ishlari ham amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Oliy sudning elektron pochtasi info@supcourt.uz, elektron sayt https://my.sud.uz, interaktiv xizmatlar orqali Oliy sud raisi qabuliga ro‘yxatdan o‘tish https://qabul.sud.uz va “@SUDUZBOT” telegramm bot ishga tushirilgan. Telegramm bot orqali fuqarolik, iqtisodiy, jinoiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha fuqarolar murojaat qilishi va qisqa vaqt ichida javob olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiya tizimini joriy etish, jismoniy va yuridik shaxslarni sudlarga murojaat qilishida qulaylik yaratish ham davlat rahbari e’tiborida.
Shu maqsadda, Prezident tomonidan «Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada kengroq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2017 yil 30 avgustdagi PQ-3250-sonli, «Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2020 yil 3 sentyabrdagi PQ-4818-sonli, «Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining samarali himoya etilishini ta’minlash hamda aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2022 yil 29 yanvardagi PQ-107-sonli qarorlari qabul qilindi.
Ushbu qarorlarda sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyani yanada keng joriy etish, sud ishlarini yuritish tizimida «Ye-XSUD» axborot tizimini puxta ishlab chiqish va takomillashtirish, sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlash-tirishning keyingi bosqichida fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini kengaytirish, har bir murojaatni ko‘rib chiqish jarayonining onlayn kuzatib borilishini ta’minlash, sud binolarida interaktiv xizmatlardan erkin foydalanish imkoniyatini yaratish, davlat organlari qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqishda ma’muriy sudlarning rolini kuchaytirish kabi bir qator vazifalar belgilandi.
Yaqinda davlatimiz rahbari tasdiqlagan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining 11-maqsadi «Xalq bilan muloqotning mexanizmlarini takomillashtirish», deb nomlangan.
Ushbu maqsadni to‘la amalga oshirish uchun xalq bilan ochiq muloqotning mexanizmlarini yanada takomillashtirish, muhim qarorlarni jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda qabul qilish amaliyotini kengaytirish; davlat organlariga kelib tushgan murojaatlarni jamlovchi markazlashgan tizimni yaratgan holda ularni ko‘rib chiqish muddati va sifati ustidan raqamli nazorat o‘rnatish, aholining kundalik turmush tarziga bevosita ta’sir qiluvchi masalalar bo‘yicha murojaatlar tezkor va sifatli ko‘rib chiqilishini ta’minlash kabi muhim vazifalar belgilangan.
Shuningdek, «Davlat xalqqa xizmat ko‘rsatishi shart» g‘oyasini tatbiq etishni nazarda tutuvchi «Xalqparvar davlat» milliy dasturini ishlab chiqish va izchil amalga oshirilishini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.
Muxtasar qilib aytganda, sudlarda xalqimizni rozi qilish yo‘lida aholi bilan muloqot qilish, jismoniy va yuridik shaxs murojaatlarini har taraflama to‘liq, xolisona va qonuniy ko‘rib chiqilishini ta’minlab, adolatli qaror qabul qilish ta’minlanadi.
Muhtarama Turgunova,
Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi