Har bir muammo depressiya emas!
Hozir hayotimizda “depressiya” va “stress” tushunchalari ko‘pchilik tilida oddiygina holatlarni ifodalash uchun ishlatilib kelmoqda. Imtihondan yiqilish, rejalashtirilgan ishning kechikishi yoki yaqin inson bilan janjal – bularning bari ko‘pincha “depressiyadaman” yoki “stressdaman” kabi iboralar bilan izohlanadi. Biroq, psixologiya fanida bu atamalar aniq mezonlarga asoslangan tushunchalar bo‘lib, ularni har qanday hissiy pasayish bilan tenglashtirish noto‘g‘ri.
Aslini olganda depressiya shunchaki kayfiyatning buzilishi emas, u ruhiy salomatlikka oid kasallik bo‘lib, quvonch his-tuyg‘usining yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. Qolaversa, doimiy tushkun kayfiyat, uyqu va ishtahaning buzilishi, o‘zini qadrsiz his qilish, o‘z joniga qasd qilish haqida fikrlar kabi yirik belgilari mavjud bo‘ladi. Bu simptomlar kamida 2 hafta davom etadi va insonning ijtimoiy, kasbiy hayotiga sezilarli darajada salbiy ta’sir qiladi. Stress esa organizmning tashqi va ichki bosimlarga javoban beradigan tabiiy psixologik holatidir.
Ijtimoiy tarmoqlarning ommalashuvi bilan odamlar o‘zlarining ruhiy holatini ommaga ko‘p ulashadigan bo‘lishdi. Hozirgi kunda ruhiy kechinmalarni barcha oldida ko‘rsatish trendga aylangani sababli, ba’zilar har qanday emotsional holatni darhol “klinik tashxis” bilan ataydigan bo‘lib qoldi. Ko‘pchilik hali-hanuz psixologik holatlar va kasalliklar o‘rtasidagi farqni tushunmaydi. Ular o‘zlarini charchagan yoki hafsalasi pir bo‘lgan holatda sezishgach, o‘z-o‘ziga depressiya tashxisini qo‘yadi. Oldingi avlodlarda ruhiy holat haqida gapirish yopiq mavzular qatoriga kirar edi. Endilikda insonlar his-tuyg‘ulari haqida ochiq gapirishni boshlagan. Bu bir tomondan ijobiy holat bo‘lsa-da, noto‘g‘ri tashxis qo‘yish holatlari ko‘paygan.
Hayotdagi muvaffaqiyatsizliklar, vaqtincha kayfiyat buzilishi yoki omadsizliklar depressiya emas. Har bir inson hayotining turli davrida muammolar, tushkunlik va hatto yolg‘izlikni boshdan kechiradi. Bu holatlar ko‘pincha vaqtinchalik bo‘lib, sog‘lom psixikaga ega shaxs bularni yengib o‘tishga qodir. Psixologiya bu holatlarni “moslashuv davri”, “o‘tkinchi emotsional reaksiya”, “reaktiv tushkunlik” kabi atamalar bilan izohlaydi. Shuning uchun har qanday his-tuyg‘uni kasallik sifatida ko‘rish – noto‘g‘ri yondashuv.
Hozirda esa ijtimoiy tarmoqlarda o‘z hayotida sodir bo‘layotgan voqealarni obunachilariga so‘zlab berish an’anaga aylangan. Insonlarda hamdardlik tuyg‘usi kuchliligi sabab bu kabi videolar ko‘plab izoh va ko‘rishlar soniga ega bo‘ladi. Bu kabi o‘rta holatdagi kayfiyatsizlikni kuchli hissiy tushkunlik deya ta’riflash va o‘zini bunga ishontirish haqiqatda depressiyaga yetaklashi mumkin. Ruhiy tushkunlik va omadsizlik holatlari har bir inson hayotida sodir bo‘ladigan tabiiy jarayon. Bu holatlarning oldini olish emas, battar chigallashtirish yirik onkologik kasalliklarga ham sabab bo‘ladi.
Har bir inson o‘z hissiy holatini to‘g‘ri nomlash, tushunish va uni boshqarishni o‘rganishi kerak. Inson o‘zida ruhiy muammolar borligini tan olsa, bu yomon emas. Ammo har bir holatni ruhiyatdagi kasallik sifatida talqin qilish ortiqcha tashvishga sabab bo‘ladi.
Bugungi kunda ruhiy salomatlik haqida ochiq gapirish – jamiyatda ijobiy o‘zgarishlarning belgisi. Ammo “depressiya” va “stress” atamalarini yengil-yelpi ishlatish, ularning asl mohiyatini so‘ndirishga, ruhiy muammolarning e’tiborsiz qolishiga yoki noto‘g‘ri davolanishga sabab bo‘ladi. Har bir inson o‘z hissiyotlarini tan olish, tushunish va boshqarishni o‘rganishi lozim. Bu nafaqat depressiyaning oldini oladi, balki hayot sifatini sezilarli darajada yaxshilaydi.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA