Har bir dars o‘ziga xos ijoddir
Ikki guruhga bo‘lingan o‘quvchilar pullar, tovarlar va xizmatlar aylanishini interaktiv usulda tushuntirib berdi. So‘ngra o‘quvchi Oybek G‘aybullayevning tadbirkorlikka oid kichik biznes rejasi muhokama qilindi.
Ikki guruhga bo‘lingan o‘quvchilar pullar, tovarlar va xizmatlar aylanishini interaktiv usulda tushuntirib berdi. So‘ngra o‘quvchi Oybek G‘aybullayevning tadbirkorlikka oid kichik biznes rejasi muhokama qilindi.Bu poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi 166-umumta’lim maktabining 10-sinfida o‘tilayotgan "Iqtisodiy bilim asoslari" darsidan bir lavha.
O‘qituvchi S.Bo‘ronboyeva har bir darsni o‘zgacha usulda, qiziqarli, interaktiv tarzda va zamonaviy texnologiyalardan keng foydalangan holda o‘tganligi bois "Iqtisodiy bilim asoslari" fanini barcha o‘quvchi yaxshi o‘zlashtiradi.
Mamlakatimizda o‘quvchilarga sifatli ta’lim-tarbiya berish, ularda jamiyat hayotida bo‘layotgan o‘zgarishlar, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirish, bu sohaga farzandlarimizda bolalikdan qiziqish uyg‘otish maqsadida maktablar dasturiga 1996-yildan boshlab iqtisod fani kiritildi. Bundan tashqari, o‘g‘il-qizlarga maktab davridanoq soliq haqida tushuncha berish, vaqtida to‘langan soliqlar davlatimiz, jamiyatimiz rivojiga ta’sir ko‘rsatuvchi eng muhim omillardan ekanini tushuntirib borish davr talabiga aylandi. Natijada iqtisod fani negizida 2010-yildan boshlab maktablarda "Soliqlar va soliq alifbosi" fanining o‘qitilishi ham yo‘lga qo‘yildi.
Bu fanning o‘qitilish tartibi, o‘quvchilarga tushunchalarni yetkazishning samarali mexanizmlarini joriy etishda tajribali ustoz Saodat Bo‘ronboyevaning xizmatlari beqiyos. Saodat opaning ushbu fanning o‘qitilishini tashkil etish, yosh o‘qituvchilarga amaliy yordam ko‘rsatish borasidagi xizmatlari Xalq ta’limi vazirligi tomonidan yuksak baholandi. Muallima 2010-yili "Xalq ta’limi a’lochisi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Jonkuyar ustozning shogirdlari bugungi kunda jamiyatda o‘z o‘rnini topib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
– O‘quvchilarimning har bir yutug‘i menga shodlik baxsh etadi, – deydi Saodat Bo‘ronboyeva. – Ustozlik kasbini tanlaganimdan juda mamnunman. Yurtimizda o‘qituvchilik kasbi yuksak sharaf va e’zoz topayotir. Bugun yoshlarga chuqur bilim berish bilan birga, ular qalbiga yo‘l topish, eng ezgu g‘oyalarni jo etish – davr talabi. Bunday ulug‘vor ishga katta mas’uliyat bilan yondashishni oliy burchimiz, deb bilamiz.
S.Bo‘ronboyeva 1989-yili Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetini tamomlab, 27-yildan buyon o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berib kelayotgan fidoyi ustozlardan biri. O‘qituvchining dars o‘tish metodikasi, o‘quvchilarni darsga jalb qilish qobiliyati, o‘z ustida tinmay ishlashi, o‘ziga va o‘quvchilariga nisbatan talabchanligini hamkasblari alohida e’tirof etadi.
2016-yili Saodat opa "Yilning eng faol fan o‘qituvchisi" respublika ko‘rik-tanlovida iqtisod fani bo‘yicha birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
– Dars o‘ziga xos ijod, jonli jarayondir, – deydi S.Bo‘ronboyeva – U o‘qituvchidan chuqur bilim, tajriba va ijodiy yondashuvni talab etadi. Shu bois o‘qituvchi muntazam malaka oshirib borishi, dars o‘tishning yangi shakl va usullarini topishi lozim.
Yurtimizda o‘qituvchi, murabbiylik kasbi doimo hurmat va e’zozda bo‘lgan. Zero, kelajagimiz vorislari qalbi va ongiga Vatan taqdiriga daxldorlik, milliy qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘ularini chuqur singdirayotgan ustozlarga davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan cheksiz e’tibor va g‘amxo‘rlik ularni yanada yuksak marralar sari ruhlantiradi.