Har bir bitiruvchi ish o‘rniga ega bo‘ladi
Samarqand shahridagi kasb-hunarga o‘qitish markazi bitiruvchilariga diplom topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Janubiy Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) hamkorligida “O‘zbekistonda kasb ta’limi imkoniyatlarini rivojlantirish” loyihasi doirasida 2016 yilda tashkil etilgan markazda shu paytgacha 1600 nafardan ortiq yoshlar axborot texnologiyalari, avtomobillarni ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish, elektronika va asbobsozlik, payvandlash va chilangarlik ishlari, kompyuter grafikasi va multimedia tizimlari yo‘nalishlari bo‘yicha kasb-hunar o‘rgandi. Ular ayni paytda xorijda va yurtimizning turli hududlaridagi korxona va tashkilotlarda mehnat qilmoqda. Endilikda ularning qatoriga yana 295 nafar yoshlar – markazning sakkizinchi bitiruvchilari qo‘shildi.
– Olti kasb bo‘yicha bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan yigit-qizlarning 26 nafari xotin-qizlar, 3 nafari nogironligi bo‘lgan shaxslar, 39 nafari esa kam ta’minlangan oilalar farzandlaridir, – deydi markaz direktori I.Ergashev. – Ularga pandemiya sharoiti bo‘lishiga qaramay belgilangan dasturlar asosida onlayn mashg‘ulotlar o‘tildi. Amaliy mashg‘ulotlar esa markazimizning hamkor tashkilotlarida amalga oshirildi. Har bir dars jarayoni, tinglovchilarning nazariy va amaliy mashg‘ulotlardagi ishtiroki doimiy e’tiborimizda bo‘ldi. Natijada bugungi kunga kelib navbatdagi oqim bitiruvchilarining 7 nafari tadbirkorlik faoliyatini boshladi, 2 nafari markazdagi startap inkubator markaziga rezident sifatida qabul qilindi. Boshqa yigit-qizlarimiz ham egallagan mutaxassisligi bo‘yicha ish o‘rnini topdi.
Bitiruv marosimida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi KOICAning O‘zbekistondagi ofisi direktori Pak Sunjin xonim, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boshqarma boshlig‘i F.Mamarasulov, Koreyaning Keimyung College Universitety professorlari, hamkor korxona va tashkilotlar vakillari onlayn va bevosita ishtirok etib, bitiruvchilarni tabrikladi.
– Markaz tashkil etilganidan buyon hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yganmiz, – dedi tadbirda so‘zga chiqqan Samarqand shahridagi “Elxolding” kompaniyasi vakili J.Muhammadiyev. – Tinlovchilar korxonamizda amaliyot o‘taydi, shuningdek markaz bitiruvchilaridan ko‘pchiligi bugun biz bilan birga ishlamoqda. Bu galgi bitiruvchilar orasida ham elektronika va asbobsozlik, payvandlash va chilangarlik ishlari, kompyuter grafikasi bo‘yicha yaxshi mutaxassislar bor. Ishonamanki, ular markazda egallagan bilim va ko‘nikmalari bilan jamiyatda o‘z munosib o‘rnini topadi.
Markaz bugungi kunda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), Koreyaning Keimyung College Universitety bilan 1,1 million AQSH dollari miqdoridagi davlat-xususiy sherikchiligi loyihasini amalga oshirmoqda. Ushbu loyiha doirasida COVID-19 ga qarshi kurashish, ya’ni himoya vositalari sotib olish va dizenfeksiya maqsadlari uchun 2,5 ming, Keimyung College Universitety tomonidan esa Samarqand shahar “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga 2 ming AQSH dollari, Samarqand shahridagi 54-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga 4 million koreys voni miqdorida yordam ko‘rsatildi. Bundan tashqari, KOICA tomonidan markazga “Onlayn o‘qitish platformasini ishlab chiqish” uchun 50 ming AQSH dollari miqdorida grant mablag‘lari ajratildi. Hozirda platforma ustida ishlar yakuniga yetmoqda. Mazkur grant doirasida Samarqand va Shahrisabz kasb-hunarga o‘qitish markazlari o‘quvchilari o‘rtasida “Zehn bilan COVID-19 ni yengamiz” mavzusida videorolik va posterlar musobaqasi tashkil etilgan edi. Marosimda ushbu musobaqa g‘oliblari ham 1 million so‘mdan 2 million so‘mgacha bo‘lgan pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
– Bugun mening hayotimda eng unutilmas kunlardan biri, – deydi markaz bitiruvchisi, sirdaryolik Nigora Qorabekova. – Avvalo mazkur markazni kompyuter grafikasi mutaxassisligi bo‘yicha bitirib, diplom olyapman. Qolaversa, “Zehn bilan COVID-19ni yengamiz” mavzuidagi tanlovda o‘z ijodiy ishim bilan qatnashib, g‘oliblar qatoridan joy oldim. “Biznesga besh qadam” startap loyihasida esa ikkinchi o‘rinni egalladim. Buning bari mana shu olti oy ichida ro‘yobga chiqdi. Shu yilning mart oyida men, garchi kollejni bitirgan bo‘lsam ham, qo‘lida kasb-hunari yo‘q, ishsiz bir yosh edim. Ushbu markazga kelib o‘qib, kasb-hunar o‘rgandim va bugun Oq oltin tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar markaziga ishga qabul qilindim. Shuningdek, reklama sohasida faoliyat ko‘rsatish bo‘yicha o‘z loyiham bor va uni amalga oshirishga kirishganman.
– Qo‘limda kasb-hunarim bo‘lmagani uchun bir necha yil Rossiyaga borib ishlashimga to‘g‘ri keldi, – deydi Jomboy tumanida yashovchi Erik Gabidullin. – Ammo bu ham oson emas edi. Shuning uchun yurtimizga qaytib kelganimdan so‘ng ushbu markaz haqida eshitdim-u shu yerda o‘qish istagi paydo bo‘ldi. Elektr va asbobsozlik yo‘nalishi bo‘yicha o‘qib, kasb o‘rgandim. Amaliyotni tumanimizdagi keramika zavodida o‘tadim va egallagan bilimlarimni amaliyotda mustahkamladim. Hozir shu korxonaga ishga qabul qilindim va doimiy ish o‘rnimga ega bo‘ldim. Markazdagi olti oylik o‘qish jarayonida men kasb-hunar bilan birga yashashni, jamiyatda o‘z o‘rnimni topishni o‘rgandim.
Tadbirda bitiruvchilarga diplomlar tantanali topshirildi hamda markaz tinlovchilari tomonidan tayyorlangan badiiy dastur namoyish etildi.
[gallery-304]
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA