Haqiqiy muhtojlar bilan ishlash kerak
Farg‘ona viloyatining 1 ming 55 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida yoshlar yetakchisi lavozimiga tanlov orqali iqtidorli va malakali kadrlar saralandi.
Ayni kunlarda ular tomonidan ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Mahallalarda ish boshlagan yoshlar yetakchilarini yoshlar bilan ishlash samaradorligini baholashning reyting ko‘rsatkichlari (KRI) tahlil qilindi. Joriy yilning fevral oyi holatiga 1 ming 55 ta mahallaning umumiy reyting ko‘rsatkichi 41,6 ball (sariq)ni tashkil qilgan.
Bu haqida Yoshlar ishlari agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasida mahallalarda tashkil etilgan yoshlar yetakchilari faoliyatining o‘ziga xos jihatlari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlari yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.
Mamlakatimizda yoshlar bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirishda yangi tizim joriy etildi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 19 yanvarda qabul qilingan “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Matbuot anjumanida Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Muhammadamin G‘aniyev yoshlar yetakchilarining asosiy vazifalari haqida to‘xtalib, mahalladagi har bir yosh taqdiri va kelajagi e’tiborda ekanligini ta’kidladi. “Yoshlar daftari” bilan ishlash, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishda ilg‘or tajribalar yo‘lga qo‘yilayotgani qayd etildi.
–Tibbiyotda shunday gap bor: favqulodda holatda baqirganga emas, jim yotganga yordam ber deyiladi, sababi jim yotganning baqirishga ham madori yo‘q, – deydi M.G‘aniyev. – Bu gaplarni nega aytyapman, yoshlar yetakchilari kunda kunora hokimiyatga yoki boshqa idoraga borib janjal to‘polon qiladigan, boqimanda bilan emas, haqiqiy muhtoj, “Yoshlar daftari” ga munosiblar bilan ishlashi kerak. Shundagina yurtiga sodiq, tarbiyali, mehnatkash yoshlarni kamolga yetkaza olamiz. Afsuski, ayrim yoshlar yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanmayapti. “Davlat yordam berarkan” degan o‘y bilan ular kelajagini yarata olmaydi. O‘zi ham harakat qilishi kerak.
[gallery-6402]
M.Sulaymonov, M. Qodirov (surat) O‘zA