Hamyurtimiz xalqaro turnir g‘olibi
Gretsiyada Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) tomonidan o‘tkazilgan nufuzli turnirda hamyurtimiz Vlada Yekshibarova munosib ishtirok etdi.
Gretsiyada Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) tomonidan o‘tkazilgan nufuzli turnirda hamyurtimiz Vlada Yekshibarova munosib ishtirok etdi.Musobaqaning yakkalik bahslarida tennischimiz isroillik Keren Shlomoni, slovakiyalik Manka Pislakni, fransiyalik Karolina Romeoni yengib, yarim finalga qadar muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Biroq final yo‘llanmasi uchun kechgan bahsda tennischimiz fransiyalik Margot Yerolimosga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Iqtidorli tennischimiz juftlik bahslarida germaniyalik Yeleni Kristofi bilan dastlabki bahsda AQSh vakili Jeyn Vasserson va isroillik Keren Shlomoni 6:3, 6:1, chorak finalda gollandiyalik Yannekke Vikkerink va slovakiyalik Yeva Zagoratsni 6:2, 6:1, yarim finalda moldovalik Daniyela Kiobanu va ruminiyalik Andreya Giteskuni 6:1, 6:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, finalga yo‘l oldi.
Hal qiluvchi uchrashuvda Vlada va Yeleni shveytsariyalik Karin Kennel va bolgariyalik Viktoriya Tomovani 4:6, 6:3, 10:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
Bu g‘alaba Vlada Yekshibarovaning ITF musobaqalari juftliklar bahslaridagi ikkinchi yutug‘idir. 26 yoshli tajribali tennischimiz yakkaliklar o‘rtasida olti marotaba nufuzli turnirlarning bosh sovrinini qo‘lga kiritgan.