Hamma narsa hamjihatligimizga bogʻliq
Mulohaza fikri bor insonga, mushohada ilmi bor insonga, murojaat esa fikri, ilmi, eng muhimi, ishonchi bor insonga xos.
Mulohaza fikri bor insonga, mushohada ilmi bor insonga, murojaat esa fikri, ilmi, eng muhimi, ishonchi bor insonga xos. Murojaat tasodifiy emas, u zaruriy ehtiyojdan kelib chiqadi. Unda ezgulikka chorlov, biron maqsad va vazifalarni astoydil bajarishga daʼvat chaqirigʻi boʻladi. Mamlakat ravnaqi va xalq farovonligi uchun qilingan va amalga oshiriladigan saʼy-harakatlar Davlat rahbarining murojaati orqali mohiyat kasb etadi. Tahlikali paytda qilingan murojaat fuqarolik burchini his etgan, yurt taqdiriga daxldorlik tuygʻusi bilan yashaydigan insonni befarq qoldirmaydi.
Buning birdan bir talab-u taqozosi Prezident gʻoyalariga sadoqat va ularning atrofida jipslashishdir. Har qanday sharoitda, ogʻir, sinovli damlarda ahillik va hamjihatlikkina gʻalabaga yetaklagan, insoniyatning zafar quchishiga bois boʻlgan. Demak, birdamlik, bardamlik va qatʼiy ishonch gʻoliblik nishoni. Befarqlik va boshboshdoqlik, oʻzboshimchalik va oʻrinsiz vahima, sarosimaga tushish tanazzulga mezon.
Shunday ekan, hamma bir-biriga masʼul, ota-ona oʻzining kelajagi boʻlgan farzandlariga qay darajada javobgar boʻlgani singari farzandlar ham oʻz ota-onasi va taʼlim beruvchi ustozlari salomatligiga masʼuldirlar. Bugun jamiyatimizning jipsligi va yakdilligi har qachongidan ham muhim. Bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun degan naqlning mazmun-mohiyatini his etmaslik, aslo mumkin emas. Prezidentimiz atrofida jipslashish va ularning koʻrsatma hamda tavsiyalariga binoan ish tutish yorugʻ kunlar va porloq istiqbol sari ishonchli yoʻldir.
Prezidentimizning uy sharoitida tahsil olayotgan talaba va oʻquvchi yoshlarimizga qilgan murojaati harakatimiz va maqsadimizning mayogʻi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Unda eʼtiborimiz qaratilishi, bilish va amal qilishimizga asos boʻluvchi yoʻl yoʻriqlar bor. Ota-onalarning farzandlariga, ustozlar talabalariga qanday yoʻsinda masʼulliklarini Prezidentimizning yaqindagi murojaatnomasidagi talablar barchamizning ilmu amalimizga daxldordir.
VAQTINGIZNI BEKOR OʻTKAZMANG!
Inson dardi vaqt qadri bilan belgilanishi aniq. Chunki u har damga, har qadamga masʼul boʻlsagina biron soniya va daqiqani bekor oʻtkazmaydi. Koronavirus pandemiyasi biz uchun qaysidir maʼnoda vaqt qadriga yetish uchun ham sinovdir. Uyda qolish, kitob mutolaasi bilan mashgʻul boʻlish, oilaviy mashgʻulotlar vaqtdan oqilona foydalanishning kaliti. Ushbu xalqning naqli bejiz aytilmagan. Bekordan tangri bezor. Uyda bekor oʻtirish vaqtni behuda sarflash vaqt qadriga yetmaslikdir. Uyda qolish shunchaki bekorchilik uchun emas, balki, uyda ishlash uchun imkon boʻlishini hamma idrok etishi zarur. Lekin afsuski, baʼzi birovlar tojli virus ofatini onqadar his etayotgani yoʻq. Garchi xorijda oʻlim xavfi qutqu solayotgan, televideniye orqali mudhish xabarlarning guvohi boʻlayotgan boʻlsa-da, ayrimlarning parvoyi palak. Ming nasihatdan koʻra bir musibat afzal boʻlsa ham koʻzi ochilmayapti ayrimlarning.
Bugungi kunda butun dunyo, insoniyat murakkab davrni boshidan kechirayotgan ayni paytda mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun barcha choralar koʻrilayotgani sir emas. Ayri damda mamlakatimizda 100 ming kishi karantinga olingan. Shuningdek, chet eldan salkam 13 ming fuqaro olib kelinib, ular ham toʻla karantinga olindi. Toshkent viloyatida 10 ming kishini qabul qilishga moʻljallangan karantin zonasi barpo etilmoqda. Uning dastlabki bir qismiga xorijdan kelgan 2 ming 200 dan ortiq fuqarolarimiz joylashtirildi.
Zangiota tumanida 10 ming oʻrinli 2 ta virusologiya shifoxonasi qurilmoqda. Yaqin kunlarda ushbu shifo maskanlaridagi 2 mingta oʻrin ishga tushiriladi. Hozirgi kungacha 245 mingta test, 700 mingga yaqin himoya vositalari olib kelinib, davolash muassasalariga yetkazildi. Bu illatga chalinganlarning ayrimlari shifo topib oʻz oilalariga qaytganlari ham rost. Bularning hammasi har qanday holatda ham koronavirus pandemiyasi bizga pand bera olmasligi, Prezidentimiz rahbarligidagi xalq ishonchining tantanasi muqarrarligining isbotidir.
ONLAYN DARSLARNI QUNT BILAN OʻZLASHTIRING
Taʼlimga eʼtibor bir soniya boʻlsa-da, susaymasligini inobatga olgan Prezident bu borada ham yakdillik va hamjihatlikni maʼnaviy qurol deb bildilar. Sakkiz million uch yuz ming talaba yoshlarni uylariga kuzatish, ularni taʼlimdan chetlatish emas, balki ilm-fanga ikki-uch barobar eʼtiborlarini kuchaytirish va ularning salomatligini oʻylash talabidandir. Onlayn tarzidagi videodars, teledarslar orqali taʼlim ham ana shu niyat va harakatning amaldagi ifodasidir.
Talabalarga navbatdan tashqari taʼtil berilganligi munosabati bilan ularning bilim olishlari uchun masofaviy taʼlim dasturi joriy etilganidan xabardorsiz.
Turli fanlardan videodarslar, oʻquv adabiyotlari, oʻquv-uslubiy majmualar, mustaqil taʼlim topshiriqlari, mavzular boʻyicha taqdimotlar, videolavhalar, masalalar toʻplami, test va nazorat savollari kabi vazifa va topshiriqlar malakali professor-oʻqituvchilari tomonidan joylashtirib borilayotganini, ulardan talaba yoshlar qay darajada foydalanayotganining nazorati masalasi ota-onalarga ham ustozlarga ham bab-baravar taalluqlidir. Professor-oʻqituvchilar talabalar bilan turli masofaviy koʻrinishlarda, jumladan, telegram kanallari va boshqa tizimlar orqali muloqotga kirishib, tegishli mavzular boʻyicha talabalarga on-line tarzda maslahatlar berib bormoqdalar. Talabalarga telegram kanaliga kirish va undagi manbalardan foydalanish toʻgʻrisida video yoʻriqnoma orqali tegishli koʻrsatmalar berilishi ham maqsadga muvofiq boʻlayapti.
Shuningdek, barcha fanlardan testlar bazasi shakllantirilgani va telegram kanali orqali muntazam ravishda talabalarga yetkazib borilayotgani ahamiyatlidir.
Endi maqsad Prezidentimiz talab etayotganlaridek, fanlarni chuqur oʻzlashtirish, qunt bilan oʻrganishdir. Talaba-yoshlar fursatni boy bermasdan, oʻz ustida ishlashi, ustozlar tomonidan joylashtirilgan oʻquv-reja dasturlarini toʻla egallashlari shart. Ana shundagina ular zamonaviy axborot-kompyuter texnologiyalarining, ilm-fanning, raqamli iqtisodiyot tizimining mohiyatini anglab yetgan boʻladi.
KITOB OʻQING, BILIMINGIZNI OSHIRING
Tafakkur xazinasi, bilim bulogʻi boʻlgan kitobsevarlikka, kitobxonlik madaniyatiga eʼtiborning kuchaytirilishi borasida Prezidentimizning bir necha farmon va qarorlar qabul qilganlaridan voqifmiz. Kitob oʻqimagan odamning ham, millatning ham kelajagi yoʻqligi haqidagi davlat rahbarining oʻgitlari doimo yodda turishi zarur. Chunki, inson nimaga erishmoqchi boʻlsa, kitobdan olingan bilim, egallangan ilm, oʻzlashtirilgan malaka, hosil qilingan koʻnikma orqali erishishi ayni haqiqat. Karantin tugagunga qadar boʻlgan muddatni talaba yoshlarimiz, hatto pedagoglarimiz ham maʼnaviyat ozigʻi boʻlgan kitob mutolaasiga shoʻngʻishi, turli yoʻsindagi badiiy, ilmiy, tarixiy mavzudagi asarlarni oʻqish uchun yaratilgan sharoit sifatida tushunishlari maqsadga muvofiq. Maʼnaviyat ozigʻi boʻlgan kitob barcha dardlarga darmon, sodiq doʻst, tun-u kun hamroh boʻla oladigan qudratli kuch, mador dorisi. Oʻqishdan maqsad uqish, mutolaadan maqsad mushohada. Mushohadasiz mutolaa, tashxissiz muolajaga oʻxshaydi. Shuning uchun ham vaqt, bilim, kitob qadriga yetgan inson qanday sharoitda boʻlmasin, ilm olishga talpinadi, izlanadi, imkon topadi.
BADANTARBIYA VA JISMONIY MASHQLARNI QOLDIRING
Prezidentimiz xalqqa murojaatnomasida oʻzlari tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbusning kuchiga ishora qilganlarini sezish ham qiyin emas. Aqlan, ruhan va jismonan sogʻlom avlodgina yurt kelajagiga tayanch boʻla oladi. Shunday ekan, jismonan sogʻlomlik mezoni badan tarbiya qilish bilan. Uni bir kun ham qoldirmaslik zaruriyatini eʼtirof etgan Prezident koʻchada emas, balki uyda ham mashq qilish orqali bunga erishish mumkinligini uqtirayotganlari rost.
Shunday ekan, yagona maqsad koronavirus tarqab ketmasligi uchun barcha choralarni koʻrayotgan, shu sinovli damlarda har bir oʻzbekistonlik, har bir idora, jamoatchilik vakillari bir musht boʻlib harakat qilishi kerakligini taʼkidlayotgan, kasallikni mahallamizga, uyimizga, oilamizga olib kirmaslik uchun eng avvalo, oʻzimizning masʼulligimizni uqtirayotgan Prezidentimiz atrofida jips va hamjihat boʻlishimiz. Bundan boshqa yoʻl yoʻq, boʻlishi ham mumkin emas. Taʼlim yoʻnalishida ushbu uch toifaning masʼulligi nihoyatda muhim.
- Talaba oʻzining ilm talabgori ekanini, oʻz sohasi nuqtayi nazaridan muayyan kasb egasi boʻlib el-yurtning koriga yarashini his etsin. Yaratilayotgan imkoniyatlardan uy sharoitida boʻlsa-da, unumli foydalansin. Oʻzini kelajak bunyodkori, Prezident gʻoyalariga kamarbasta ekanini doimo idrok etib yashashi, intilishi, izlanishi shart.
- Ota-onalar farzandlarining tarbiyasiga masʼul ekanini, u jamiyat uchun qanday farzand oʻstirayotganini bilishi, bu borada, yaʼni, nazorat etishda professor-oʻqituvchilarga qoʻshqanot va farzandlariga ibrat boʻlishlari kerak. Chunki, farzand olayotgan tarbiyasiga qarab ota-ona uchun yo jazo, yo mukofotdir. Karantin vaqtida ayrim masʼuliyatsiz shaxslar turli ommaviy marosimlar oʻtkazganini sira oqlab boʻlmaydi. Ota-onalar mahalla bilan hammaslaklikda ish tutishi kerak. Farzandlariga buning oqibatini tushuntirishi, xalqimiz hayotiga xavf solayotgan bunday nomaʼqul ishlarga nisbatan keskin choralar koʻrilishi borasida tushunchalar berishi shart. Muloqot va munosabatlar jarayonida mutaxassislar taʼkidlagan “yapon fenomeni”ni qoʻllashni oʻrgatishlari kerak.
- Professor -oʻqituvchilar faqat auditoriyada emas, balki taʼlim berishning turli zamonaviy texnologiyalarini chuqur egallashlari asnosida shogirdlariga oʻrnak va namuna boʻla olishlari talab etiladi. Oʻz ustida ishlashi, sohasi, fani nuqtayi nazaridan yangiliklardan boxabar boʻlib keng qamrovli bilimga ega boʻlishlari talab etiladi.
Jamiyatning istiqboli, mamlakatimiz ravnaqi bugun farzandlarimizga berilayotgan taʼlim-tarbiyaning samarasi va sifati bilan bogʻliqligini uchala toifa ham chuqur anglashi, his etishi kerak. Ular bu borada Prezident gʻoyalariga sodiq va sobitqadam boʻlishi zarur. Bu zamon talabi, makon taqozosidir. Chunki, bu sinovli davrdan yorugʻ yuz bilan oʻtishimizga ishonchimiz komil, imkonimiz bor. Prezidentimizning “Ishontirib aytamanki, koronavirus tarqab ketmasligi uchun davlat barcha choralarni koʻradi. Ammo shu sinovli damlarda har bir Oʻzbekistonlik, har bir idora, jamoatchilik vakillari bir musht boʻlib harakat qilishimiz kerak. Kasallikni mahallamizga, uyimizga, oilamizga olib kirmaslik uchun eng avvalo oʻzimiz masʼulmiz.” degan mulohazalari bizga mayoq, qalbimizga chiroq boʻlishi shart.
Yuqori gigiyenaga asoslangan kundalik turmush tarzimiz, milliy urf-odatlarimiz bu kasallikni yengishga imkon yaratadi. Qolaversa diagnostika, davolash, karantin ishlarini Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyalari hamda ilgʻor xorijiy tajribalarga tayanib amalga oshirilayotgani ham muhim. Janubiy Koreyadan malakali shifokorlar kelib, bemorlarni davolashda qatnashayotgani, bir guruh xitoylik mutaxassislarning ham yetib kelishi, vrachlarimiz xorijiy hamkasblari bilan muntazam videomuloqotda boʻlib, kundalik tajriba almashayotgani imkoniyatlarimiz cheksizligini bildiradi. Amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlarimiz, albatta, oʻz natijasini berayotganini eʼtirof etish oʻrinlidir. Kasallikka chalinganlarning aksariyati 30 dan ziyodi toʻliq sogʻayib, reabilitatsiyaga oʻtkazilgani bunga misoldir. Koronavirus bir balo — Boʻlmaymiz unga mubtalo! Bu institutimiz talabalarining shioriga aylangan desak, mubolagʻa emas. Ularning aksariyati muntazam ravishda internet tarmoqlari, telegram kanallari orqali biz bilan aloqada. Buning isbotini bizga yuborilgan ushbu videolavhalari orqali ham anglab olish qiyin emas.
Rahimboy Jumaniyozov, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Matbuot xizmati rahbari, dotsent