Hamkorlikni kengaytirish choralari ko‘rilmoqda
Navoiy xalqaro aeroportida viloyat eksport salohiyatini oshirish, tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlarni keng targ‘ib etish hamda yuk tashish xizmatlaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda bojxona boshqarmasi xodimlari, viloyatdagi eksport bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar, shuningdek, kurerlik, pochta jo‘natmalari va yuk tashish (kargo) xizmatlaridan foydalanish istagida bo‘lgan fuqarolar ishtirok etdi.
Unda Prezidentimizning 2026-yil 9-fevraldagi “Navoiy xalqaro aeroporti faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati, belgilangan vazifalar, aeroport tizimida yaratilgan qulaylik va imtiyozlar, yuklarni qabul qilish, saqlash hamda tashish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Uchrashuvda aeroport xizmatlaridan foydalanish orqali yuk tashish xarajatlarini kamaytirish, logistika jarayonlarini samarali tashkil etish va eksport-import operatsiyalarini yanada qulay amalga oshirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilarga aeroport orqali yuk tashish xizmatlaridan foydalanishda narx jihatidan mavjud afzalliklar tushuntirilib, aeroportning yuk terminali imkoniyatlari va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari tanishtirildi.

Shuningdek, tadbirkorlar va eksportyorlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ularning ehtiyojlarini o‘rganish hamda aeroport xizmatlaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilarning savol va takliflari tinglanib, ularni qiziqtirgan masalalar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri