Hamkorliklarning bugungi kuni va istiqbollari
O‘zbekiston-Koreya Respublikasi munosabatlari mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganidan buyon 30 yil davomida shakllangan do‘stlik, o‘zaro tushunish va hurmat tamoyillari asosida rivojlanib bormoqda.
O‘zbekiston va Koreya Respublikasi xalqlarini asrlar davomida qaror topgan qadimiy do‘stlik rishtalari bog‘lab turadi.
Samarqand hududida joylashgan ko‘hna Afrosiyob shahri devorlarida VII asrda Koreyaning Koguryo sulolasi elchilari tashrifi aks etgan suratlar bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida iqtisodiy aloqalar jadal sur’atlarda rivojlanmoqda, konstruktiv hamda o‘zaro manfaatli siyosiy muloqot tobora faollashmoqda. Koreya Respublikasi yurtimizda sanoat va infratuzilmani diversifikatsiyalash hamda modernizatsiyalash bo‘yicha ustuvor dasturlarni amalga oshirishda yetakchi texnologik sherik sanaladi.
Qolaversa, 2021 yil 28 yanvarda mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chje In o‘rtasida videoanjuman shaklidagi uchrashuv ham tashkil etilgan edi. Ushbu uchrashuvga muvofiq Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “O‘zbekiston-Koreya: o‘zaro hamkorliklarning bugungi kuni va istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Konferensiyani Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari U.Begimqulov, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori G.Rixsiyeva, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi muxtor elchisi Kan Je Kvon hamda Kyungdong universiteti Global Kampus prorektori professor Li Yong Suk kirish so‘zi bilan ochib berdi.
So‘ng, konferensiya ishtirokchilari tomonidan tayyorlangan ma’ruzalar tinglandi. Ma’ruzalarda ikki davlat o‘rtasida turli yo‘nalishlarda yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga urg‘u berildi. Xususan, Toshkentdagi Ajou universiteti professori Park Sang Woo tomonidan “O‘zbekistonda ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirish re’jasi“ mavzusida tayyorlangan ma’ruza ishtirokchilar o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Bundan tashqari, Orol dengizi muammosi, Elektron hukumat tizimini shakllantirish, O‘zbekiston-Janubiy Koreya munosabatlarining istiqbollari uchun akademik hamkorlikning o‘rni masalalari atroflicha tahlil qilindi.
O‘zA