Hamkorlik muvaffaqiyat omili
Samarqand davlat tibbiyot institutida “Klinik laboratoriya, funksional diagnostika va klinik patafiziologiyaning dolzarb muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Samarqand davlat tibbiyot institutida “Klinik laboratoriya, funksional diagnostika va klinik patafiziologiyaning dolzarb muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan anjumanda mamlakatimiz va bir qator xorijiy davlatlar yetakchi tibbiyot muassasalari mutaxassislari va oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari qatnashdi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining bir qator farmon va qarorlari, davlat dasturlari asosida yurtimizdagi tibbiyot muassasalari faoliyati takomillashtirilib, moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Bugungi kunda bemorlarga tashxis qo‘yish va davolashda zamonaviy tibbiy uskuna va jihozlar, usullardan foydalanilmoqda. Buning natijasida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati oshib bormoqda. Xususan, funksional diagnostika va klinik patafiziologiya sohasida olib borilayotgan tadqiqotlar va amaliyotga joriy etilayotgan yangiliklar bemorlarga tashxis qo‘yish darajasini oshirishga xizmat qilmoqda.
– O‘zbekistonda tibbiyot sohasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda, – deydi Ukraina tibbiyot fanlari milliy akademiyasi a’zosi, professor Mixaylo Andreychin. – Buni yurtingiz shifokorlarining o‘ta murakkab tibbiy amaliyotlarga qo‘l urib, funksional diagnostika xizmatidan muvaffaqiyatli foydalanib kelayotganida ham ko‘rish mumkin. Ayniqsa, bolalardagi surunkali pnevmoniya, piyelonefrit hamda kattalarda uchraydigan onkologik kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlab, davolashda katta tajriba to‘plangan.
Ikki kun davom etgan konferensiyada parazitologiya, laborator diagnostika, qandli diabet, tug‘ma kasalliklar, shuningdek, bolalarda uchraydigan yurak-qon tomirlari, oshqozonosti bezlari, o‘t hamda surunkali bronxit kasalliklarini davolashda jarrohlik amaliyoti o‘tkazish kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar tinglandi.