Hamkorlik memorandumi imzolandi
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi va O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Memorandumni imzolashdan ko‘zlangan maqsad mamlakatimizda millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirish, jamiyat va davlatni barqaror rivojlantirishda ta’sirchan targ‘ibot ishlari va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishdan iboratdir. Shu bilan birga tarmoq tizimidagi tashkilotlarda davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, islohotlar mohiyati, qonun hujjatlari va davlat dasturlarining ahamiyatini mehnatkashlarga atroflicha tushuntirish va bu jarayonlarda qo‘mita a’zolarini tadbirlarga jalb qilish ham ushbu memorandumda ko‘zda tutilgan.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov bugungi kunda yurtimizda turli millat va diniy konfessiya vakillari o‘zaro hurmat va hamjihatlikda istiqomat qilayotganini ta’kidladi.
[gallery-10061]
Darhaqiqat, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, jamiyatda totuvlik, barqarorlikni, turli millatlar vakillari o‘rtasidagi tinchlik, hamjihatlikni ta’minlash, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash doimiy e’tiborda.
O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Shuhrat Dehqonov bugungi kunda yurtimizda mehnat qonunchiligi doirasida ulkan imkoniyatlar yaratilib, bu mehnatkashlar huquqlarini himoya qilishga zamin yaratayotganini qayd etdi.
Qo‘mita va Kasaba uyushmasida muhim sanalarga bag‘ishlangan bayram tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, ishchi-xodimlarning ijtimoiy-huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida ko‘rik-tanlovlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Memorandum doirasida tomonlar Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan tashkillashtiriladigan tadbirlarga Milliy madaniy markazlar havaskorlik guruhlarini taklif etish ko‘zda tutilmoqda.
Shu bilan birga, Kasaba uyushmalari faoliyatida faol xodimlarni taqdirlab borish, yoshi ulug‘, sog‘ligi og‘ir faxriylar holidan xabar olish, zarur ijtimoiy holatini yaxshilash, maishiy, tibbiy va madaniy xizmatlarini tashkil etish kabi turli yo‘nalishlardagi ishlar ham amalga oshiriladi.
Qo‘mita foyesida tashkil etilgan milliy hunarmandchilik asarlari ko‘rgazmasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Milliy madaniy markazlar havaskor guruhlari tomonidan konsert dasturi ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.
N.Usmonova, O‘zA