Hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanib bormoqda. Xususan, har ikki tomon manfaatlariga xizmat qiluvchi tog‘-kon sanoati va geologiya-qidiruv sohasida ham yangidan yangi istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. “Navoiyuran” davlat korxonasi va Xitoyning Milliy yadro korporatsiyasi bilan yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro hamkorlik aloqalari ham mamlakatimizda uran sanoati rivojida muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.
Xitoy Milliy yadro korporatsiyasi 22 ta amalda ishlayotgan va 6 ta yangidan qurilayotgan energoblokka ega bo‘lib, Xitoydagi yagona uran ishlab chiqaruvchi yirik korporatsiya hisoblanadi.

2023-yilning noyabr oyida “Navoiyuran” davlat korxonasi rahbariyati Xitoy davlatida bo‘lib, mazkur korporatsiya vakillari bilan uchrashgan edi.
Korporatsiya vitse-prezidenti Shen Yanfen boshchiligidagi delegatsiya vakillari “Navoiyuran” davlat korxonasida bo‘lib, bir qator masalalarni muhokama qildi.

Mehmonlar dastlab "Zafarobod" kon boshqarmasiga qarashli 2-geotexnologik koni ishlab chiqarish faoliyati bilan tanishdi.
Kunning ikkinchi yarmida delegatsiya vakillari Navoiy shahrida joylashgan Uran ishlab chiqarish zavodi faoliyati bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Kelgusida Xitoy korporatsiyasi va “Navoiyuran” o‘rtasida gidrotermal va qora slanetsli konlarni birgalikda o‘zlashtirish va hamkorlikda uran ishlab chiqarish ishlari yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri