Ham ichki, ham tashqi bozor uchun
Prezidentimizning 2016-yil 1-iyundagi “Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasini tashkil etish va uni har yili o‘tkazib turish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Jizzax viloyatidagi meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashgan fermer va dehqon xo‘jaliklari, qayta ishlovchi korxonalar shu yil 12-14-iyul kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan I xalqaro meva-sabzavot mahsulotlari yarmarkasiga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Prezidentimizning 2016-yil 1-iyundagi “Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasini tashkil etish va uni har yili o‘tkazib turish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Jizzax viloyatidagi meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashgan fermer va dehqon xo‘jaliklari, qayta ishlovchi korxonalar shu yil 12-14-iyul kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan I xalqaro meva-sabzavot mahsulotlari yarmarkasiga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda.Zafarobod tumanidagi ko‘p tarmoqli “Ishbilarmon Elyor” fermer xo‘jaligida paxta, g‘alla, makkajo‘xori va kungaboqar bilan birga, 50 gektar maydonda qovun-tarvuz yetishtirilmoqda. Xo‘jalik yaylovida 500 bosh qo‘y, 100 bosh qoramol va 20 bosh yilqi boqilayotir. 12 ish o‘rniga ega sutni qayta ishlash korxonasi mahsulotlaridan xaridorlar mamnun.
Tuproq-iqlim sharoitiga mos navlarni tanlab ekish, parvarishlash ishlarini o‘z vaqtida bajarayotgan xo‘jalik mirishkorlari polizchilikdan ayniqsa yaxshi daromad olmoqda. Fevral oyida urug‘i issiqxonaga, ko‘chati mart oyida plyonka ostiga ekilgan handalak 65 kunda pishib yetildi va gektaridan 6-7 tonna hosil berdi. Qovunning mart oyi oxirida ekilgan “Chillaki”, “Oqurug‘” navlaridan ham yaxshi hosil olindi.
Fermer yaqinda Janubiy Koreyaga 18 tonna qovun sotdi. Ayni paytda 200 tonna qovun va 100 tonna tarvuzni eksportga tayyorlamoqda. Xo‘jalik mirishkorlari qovun-tarvuz eksport qilishning o‘zidan 150 million so‘m daromad olishni mo‘ljallamoqda.
– Prezidentimizning shu yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ayni muddao bo‘ldi, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Mirzaali Ashurov. – Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining serhosil, xaridorgir navlarini yetishtirmoqdamiz. O‘tgan yili barcha tarmoqlardan olgan sof daromadimiz 100 million so‘mni tashkil etdi. Bu yil poliz mahsulotlarini eksport qilish hisobiga bu ko‘rsatkichni 500 million so‘mga yetkazishni mo‘ljallamoqdamiz. Poytaxtimizda o‘tkaziladigan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi mahsulot eksportini yanada ko‘paytirish uchun yangi imkoniyat bo‘ladi.
Viloyatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash hamda eksport qilish hajmini oshirish yuzasidan belgilangan tadbirlar izchil amalga oshirilayotir. Shu maqsadda paxta hosildorligi 12-15 sentnerdan oshmaydigan 4 ming 100 gektar yerning 3 ming 850 gektariga sabzavot, kartoshka va moyli ekinlar ekildi.
Meva-sabzavot ekinlarini joylashtirishda hudud iqlimiga mos, eksportbop navlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hosilni saqlash va qayta ishlash sohasidagi ishlar ham kuchaytirilmoqda. Bugungi kunda viloyatda umumiy sig‘imi 14 ming 420 tonna bo‘lgan 31 muzlatgich, yillik quvvati 40 ming 270 tonna bo‘lgan 23 meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlovchi korxona va mikrofirma ishlab turibdi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchilarga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan “Jizzax eksport-import” agrofirmasi faoliyat ko‘rsatayotir. Rossiyaning Moskva shahrida “EvroOsiyo”, Novosibirsk shahrida “SibirOsiyo”, Yekaterinburgda “Jizzax” savdo uylari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda Perm, Samara shaharlari va Kemerovo viloyatida ham ana shunday savdo uylari ochish ustida ish olib borilmoqda.
– Fermer va tadbirkorlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksportga chiqarish bo‘yicha ko‘maklashmoqdamiz, – deydi “Jizzax eksport-import” agrofirmasi rahbari Isroil Olimov. – Shu yo‘nalishda targ‘ibot materiallari tarqatilmoqda. Internet tarmog‘ida maxsus saytimizni ochayapmiz.
Toshkentda o‘tkaziladigan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi oldidan agrofirma mutaxassislari bir qator xorij savdo tashkilotlari vakillari bilan viloyat dalalarida bo‘lib, fermer va dehqonlarning meva-sabzavot, poliz mahsulotlari yetishtirish imkoniyatini o‘rganib chiqmoqda. Rossiyaning “Multiforum +” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda “Kentuki” savdo firmasi vakillari Zafarobod va G‘allaorol tumanlaridagi meva-sabzavot yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari dalalarida bo‘ldi. Ular fermerlar, tayyorlov korxonalari, mahalliy hokimliklar rahbarlari bilan uchrashib, o‘zlarining mahsulotga bo‘lgan talabi, xarid shartlari to‘g‘risida atroflicha fikr almashdi.
– Bizga Jizzax viloyatida yetishtirilgan meva-sabzavotlar juda ma’qul, – deydi Rossiyaning “Kentuki” savdo firmasi rahbari Emil Gasanov. – O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari Rossiya bozorida mustahkam o‘rin olishiga shubha yo‘q. Hozircha qovun-tarvuz va piyoz sotib olishni mo‘ljallayapmiz. Bozor talablarini inobatga olib, boshqa turdagi mahsulotlarni xarid qilishni ham rejalashtirganmiz.
Davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan jizzaxlik fermerlar dasturxonimiz to‘kinligini ta’minlash bilan birga, mahsulotni eksport qilish orqali mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotiga munosib ulush qo‘shmoqda.