Hajviy yo‘nalishning kamtarin ustasi
Murodboy Nizanov ijodining o‘ziga xosligi milliylikni zamonaviy hajv (satira) bilan mahoratli tarzda birlashtira olishida namoyon bo‘ladi. Muallif satira va yumor janrida ilgari aytilmagan «yangi fikrlar» (tың pikirler) bilan adabiyotga kirib kelgan. Uning asarlarida kulgi shunchaki ko‘ngilochar vosita emas, balki ijtimoiy muammolarni ochib beruvchi o‘tkir qurol vazifasini o‘taydi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida atoqli qoraqalpoq adibi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi, Berdaq mukofoti hamda “Do‘stlik” ordeni sohibi Murodboy Nizanov tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlangan adabiy anjuman o‘tkazildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid Murodboy Nizanov umrini ijodga bag‘ishlagan zahmatkash ijodkorlardan ekanini ta’kidladi.
- Prezidentimiz barpo etgan “Adiblar xiyoboni”da qoraqalpoq ijodkorlarining ham haykallari qad rostlab turibdi, — dedi Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. — Bu maskanlar adabiyotning fayzli go‘shasiga aylandi. Shuningdek, “Aqchako‘l ilhomlari” adabiy festivalining tiklangani mamlakatimizda adabiyotga bo‘lgan e’tibor namunasidir. Murodboy og‘a Nizanov o‘z ijodi bilan yoshlarga ibrat bo‘layotgan ustozlardan sanaladi. Uning yozganlari jamlangan “Tanlangan asarlar” kitobi chop etilishi Murodboy og‘a ijodini kengroq targ‘ib etishga xizmat qiladi.
— Murodboyni 70-yillardan “Mushtum” jurnalida ishlab yurgan paytlaridan buyon yaxshi bilaman, — dedi ustoz jurnalist, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev. — Yozganlarini Qoraqalpog‘istondan yuborardi asosan. Nazarimda har bir ijodkor adabiyotga nimadir olib kirishi kerak. Murodboy adabiyotimizga qoraqalpoq xalqining urf-odatlari, an’analari, turmush tarzini oddiy, qiziqarli, hayotiy tarzda olib kirdi. Murodboyning qahramonlari orasida birontasida to‘qima obraz yo‘q. Uning “Tanka” asari haqiqiy ma’noda tank bo‘lib otilgan asar. Zero, asar hayotdan olingan bo‘lsa, uning umri uzoq, bardavom bo‘ladi.
Darhaqiqat, Murodboy Nizanov asarlarida oddiy xalq vakillarining tilidan, lahjalaridan va o‘ziga xos fe’l-atvoridan foydalanadi. Bu esa uning qahramonlarini kitobxonga juda yaqin va ishonarli qiladi.
Adib o‘z ijodida roman-esse janriga ham murojaat qilgani e’tiborga sazovor. Yozuvchi nafaqat kichik hajviyalar, balki salmoqli nasriy asarlar ham yaratgan. Masalan, uning “Qoraqalpoqlar” roman-essesi (2020) xalqning tarixi, madaniyati va milliy kimligini badiiy va hujjatli tarzda aks ettirishi bilan ahamiyatli.
Falsafiy teranlik va psixologizm yo‘nalishidagi “Oxirat uyqusi” kabi asarlarida inson ruhiyatining eng nozik qirralarini, vijdon azobi va hayot mazmuni kabi falsafiy mavzularni chuqur psixologik tahlil qiladi.
Murodboy og‘a ijodida janrlar xilma-xilligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Uning ijodi hikoya, qissa (masalan, “Aqchagul”, “Ikki qonxo‘r”), roman va hatto dramatik asarlarni qamrab olgan bo‘lib, har bir janrda o‘zining individual uslubini saqlab qolgan.
Adabiy anjumanda e’tirof etilganidek, Murodboy Nizanov — zamonaviy qoraqalpoq adabiyotida hajv maktabini yuksak bosqichga ko‘targan va milliy qadriyatlarni zamonaviy voqelik bilan bog‘lay olgan adib.
[gallery-28826]
Anjumanda adib ijodi haqida batafsil so‘z yuritildi. Unga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining sovg‘alari topshirildi.
Nazokat Usmonova,
Asliddin Alijonov(surat), O‘zA