Haftalikni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad nima?
Avval xabar berganimizdek, “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi 30 yilligi tantanalari doirasida 15-19 noyabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan ishbilarmon ayollar biznes haftaligi o‘z ishini boshladi.
“Ayollarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga muvaffaqiyatli yondashuvlar: O‘zbekiston va jahon hamjamiyati tajribasi” mavzusida boshlangan haftalik oldidan Milliy matbuot markazida OAV vakillari uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda “Haftalikni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad nima?”, “Unda qanday masalalar muhokama etiladi?” kabi savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Assotsiatsiyaning rivojlanish bo‘yicha rais o‘rinbosari Burxon Shermatov haftalik doirasida tadbirkor ayollarning huquqiy-iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishda ishbilarmon doiralar va biznes hamjamiyatning o‘rni, gender tengligi, kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi o‘rni va tadbirkor ayollarning ilg‘or tajribalarini ommalashtirish kabi masalalar muhokama etilishini ta’kidlab o‘tdi.
— Haftalikning asosiy maqsadi investitsiyalar jalb qilish, yaqin va uzoq xorij ishbilarmonlari bilan manfaatli savdo aloqalarini o‘rnatishda tadbirkor ayollarga ko‘maklashishdan iborat, — deydi “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi raisi Gulnora Mahmudova. — Undan tashqari, mamlakat savdo-iqtisodiy, turistik imkoniyatlarini targ‘ib qilish, xorijdan tashrif buyurgan biznes-trenerlar tomonidan tashqi rivojlangan bozorlarga chiqish sir-asrorlarini ayollarimizga o‘rgatishdan iborat. Bir so‘z bilan aytganda, ushbu haftalik tadbirkor ayollarning ham huquqiy, ham iqtisodiy bilimlarini yanada oshirishga, o‘zlariga bo‘lgan ishonchlarini mustahkamlashga yordam beradi.
Ta’kidlash joizki, 5 nafar xodim bilan ish boshlagan assotsiatsiya 30 yil davomida 100 ga yaqin loyihalarni amalga oshirishga erishdi. Bu loyihalarning barchasi ayollarga nafi tegadigan, iqtisodiy rivojlanishiga turtki bergan loyihalardir. Natijalar esa yomon emas, 60,3 ming nafar xotin-qizlar tadbirkorlik malakasiga ega bo‘lib, ularning 80 foizi ish bilan band bo‘ldi.

bugungi kunda hayotimizga tadbirkorlikning yangidan-yangi turlari kirib kelmoqda va bu yo‘nalishlarning barchasi ayollardan kuchli bilim, harakat, intilish talab qiladi. Bu borada tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlab, ular oldida mavjud muammolarni bartaraf etishda assotsiatsiyaning roli beqiyos.
Anjumanda tadbirkor ayollarning kredit olish, eksport, nogironligi bor yosh tadbirkor ayollarga ko‘mak berish borasida uchrayotgan muammolar, kelgusida rejalashtirilgan yangi loyihalar, liderlik ko‘nikmalari borasida qilinishi rejalashtirilgan ishlar xususida ham batafsil ma’lumot berildi.
Haftalik o‘z ishini davom ettiradi.
Nigora Rahmonova, O‘zA