Guliston tibbiyot klasteri faoliyati o‘rganildi
Bundan bir necha yil muqaddam Prezidentimizning topshirig‘iga asosan Sirdaryo viloyat shifoxonasi o‘rnida bir nechta viloyat tibbiyot muassasalarini bir joyga jamlagan, yagona boshqaruv asosida faoliyat ko‘rsatadigan Guliston tibbiyot klasteri faoliyati yo‘lga qo‘yilgandi.
Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Mahmudaliyev va u boshchiligidagi mas’ullar mazkur muassasada bo‘lib, bemorlarga yaratilgan shart-sharoit, issiqlik tizimi, qurilish ishlari bilan tanishdi.
O‘tgan 2021-2022 yillar mobaynida mazkur muassasada loyiha doirasida qariyb 18 milliard so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirilib, endokrinologiya, nefrologiya va gemodializ va boshqa bo‘limlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. 2023-2025 yillarda esa tibbiyot klasterining 300 qatnovga mo‘ljallangan diagnostika, maslahat poliklinikasi, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga mo‘ljallangan xirurgiya bo‘limi binosini qurish rejalashtirilgan. Bu maqsadlar uchun davlat byudjetidan qariyb 75 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Viloyat hokimi yangi qurilish ishlari bilan ham tanishib, soha xodimlariga va mas’ullarga klaster tizimidagi mavjud muammolarni tezda yechish, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va ko‘lamini kengaytirish, quruvchilarga esa qurilish sifatiga jiddiy e’tibor qaratib, ish sur’atini oshirish to‘g‘risida ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.
Sh. Suyarov,
O‘zA