«Guliston» klubi mavsumga tayyorgarlikni kuchaytirmoqda
Yangiyer shahrida «Guliston» futbol klubi rahbariyati tashabbusi bilan joriy mavsumga tayyorgarlik doirasida muhim tashkiliy yig‘ilish o‘tkazildi. Unda klub prezidenti Oybek Ashurmatov, bosh direktor Jahongir Jiyamurodov, viloyat Sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Buranov, viloyat futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Rustam Qodirov hamda Yangiyer shahar hokimligi mas’ullari ishtirok etishdi.
Yig‘ilish avvalida ishtirokchilar Yangiyer markaziy stadionining holati bilan yaqindan tanishib, infratuzilma imkoniyatlari, texnik holati va mavjud kamchiliklarni atroflicha ko‘zdan kechirishdi. Maydon sifati, muxlislar uchun ajratilgan sektorlar, sanitariya-gigiyena sharoitlari va xavfsizlik masalalari e’tibor markazida bo‘ldi.

Muhokamalar davomida klubning joriy mavsum oldidan ustuvor vazifalar belgilab olindi. Xususan, O‘zbekiston kubogi va Birinchi liga bahslariga puxta tayyorgarlik ko‘rish, jamoaning raqobatbardoshligini oshirish va tashkiliy ishlar samaradorligini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, stadion infratuzilmasini yanada yaxshilash, muxlislar uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratish, o‘yinlarni yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Jamoaning ichki tartib-intizomi mustahkamlanadi, yosh futbolchilar qo‘llab-quvvatlanadi va mahalliy muxlislar bilan aloqa kuchaytiriladi.


Mas’ullarga topshiriqlar berildi va ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq muddatlar belgilandi. Bunday tashkiliy choralar «Guliston» klubining mavsumda munosib ishtirok etishi va muxlislar ishonchini oqlashida muhim ahamiyatga ega.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri