GulDUda "Registrator ofisi" markazi ish boshladi
Guliston davlat universiteti akademik faoliyatni tashkil etish, ta’lim jarayonlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida "Registrator ofisi" markazini ishga tushirdi. Bu esa talaba va professor-o‘qituvchilar uchun yangi imkoniyatlar va yengilliklar taqdim etdi.
"Registrator ofisi" markazida ilmiy va innovatsion, xalqaro aloqalar va akademik mobillik, marketing va buxgalteriya, o‘quv jarayonlarini muvofiqlashtirish, talabalarning hujjatini yuritish va saqlash kabi xizmatlar yo‘lga qo‘yildi. Eng ahamiyatli tomoni universitetga qabul qilish, ta’lim dasturlari va fanlarni tanlash, diplom, sertifikatlar olish uchun barcha zaruriyatlar ushbu ofis orqali amalga oshiriladi.


Qolaversa, talabalarga dars jadvallarini o‘zgartirishda, fanlarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda, zarur hujjatlarni olishda qulayliklar yaratib qolmay, hujjatlarning noto‘g‘ri to‘ldirilishini kamaytiradi. E’tiborli jihati, murojaatlar talabalardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va telefon qo‘ng‘iroqlari orqali qabul qilinadi va joyida hal qilinadi. Natijani talaba o‘z HEMIS platformasi orqali bilishi mumkin. Bu esa byurokratik kechiktirishlarni kamaytirishga va vaqtni tejashga yordam beradi.


"Registrator ofisi" markazi 2 ta bo‘lim, 7 ta sektordan iborat bo‘lib, barcha xizmatlarni malakali menejerlar amalga oshiradi.


– Universitetda tashkil etilgan "Registrator ofisi" markazi nafaqat talaba-yoshlar, professor-o‘qituvchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratadi, balki ish samaradorligini oshirish, xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash, muammolarni tez hal qilinishiga xizmat qiladi, – deydi Guliston davlat universiteti "Registrator ofisi" markazi rahbari Davlat Qudratov.
G‘ulom PRIMOV, O‘zA muxbiri