«Guangzhou Baiyunshan» kompaniyasi bilan farmatsevtika sohasida hamkorlik kengayadi
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Xitoyning yetakchi kompaniyalaridan biri — «Guangzhou Baiyunshan Pharmaceutical Holdings»ning Markaziy Osiyo bo‘yicha ishchi guruhi loyihasi rahbari Szyan Nin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur muloqot ikki davlat o‘rtasida sog‘liqni saqlash hamda farmatsevtika sanoati yo‘nalishidagi aloqalarni yanada mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Uchrashuvda farmatsevtika ta’limi sifatini oshirish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot faoliyatini jadallashtirish hamda zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarini amaliyotga joriy etish kabi ko‘plab muhim yo‘nalishlar batafsil muhokama qilindi.
Muzokaralar chog‘ida Farmatsevtika texnik universiteti (PTU) bilan hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohalarida o‘zaro amaliy aloqalarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar yosh kadrlarga zamonaviy bilim berish va ilmiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini qayd etdi.
Shuningdek, tashrif doirasida Xitoy delegatsiyasi «BioPharma City» farmatsevtika klasteri hududida bo‘lib, bu yerda yaratilayotgan infratuzilma bilan yaqindan tanishdi. Mehmonlarga mazkur hududda farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, ilg‘or ta’lim jarayonlari va ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish uchun barcha qulay sharoitlar yaratilgani haqida batafsil ma’lumot berildi.
O‘zaro ishonch va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida kelgusidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA