Grenlandiyani anneksiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi AQSH Kongressida e’tiborsiz qolgan
"RIA Novosti" hukumat ma’lumotiga tayanib yozishicha, Grenlandiyani anneksiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi AQSH Kongressida ikki oydan ko‘p vaqt davomida to‘xtab qolgan.
Respublikachi kongressmen Rendi Fayn 12-yanvar kuni Grenlandiyaga “qo‘shib olish va davlatchilik huquqini berish” to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etgandi.
Ushbu tashabbus Prezident Donald Trampga orolni “anneksiya qilish yoki boshqa yo‘l bilan Qo‘shma Shtatlar tarkibiga qo‘shib olish” uchun zarur chora ko‘rish vakolatini beradi.

Hujjat taqdim etilib, Vakillar palatasi Tashqi ishlar qo‘mitasiga yuborilgandan beri e’tiborsiz qolmoqda. Ta’kidlanishicha, hali hujjatni ko‘rib chiqish sanasi ham hali belgilanmagan.
Loyiha kuchga kirishi uchun qo‘mita tomonidan tasdiqlanishi, Vakillar palatasi va Senatda ovoz berishdan o‘tishi va Prezident imzosi bilan tasdiqlanishi kerak.
– Bu AQSHning xorijiy hududni anneksiya qilish bo‘yicha 128 yil ichidagi ilk tashabbusi, – deyilgan xabarda.

Mamlakat oxirgi marta qonunchilik orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri anneksiya qaroridan 1898-yil foydalangan. O‘shanda mamlakat tarkibiga Gavay orollari qo‘shib olingan. Avvalroq, 1845-yil shunga o‘xshash tarzda Texas anneksiya qilingan.
Grenlandiya Daniya qirolligining bir qismi hisoblanadi. Tramp orolning milliy xavfsizlik uchun strategik ahamiyatini ta’kidlab, AQSH ixtiyoriga o‘tishi lozimligini da’vo qilib keladi.
Daniya va Grenlandiya rasmiylari AQSHni ogohlantirib, hududiy yaxlitlik tamoyiliga hurmat kutishlarini takrorlamoqda.
Orol 1953-yilgacha Daniya mustamlakasi edi. Hozir ham qirollikning bir qismi bo‘lsa-da, 2009-yil muxtoriyat maqomini olgan. Ya’ni, ayni payt grenlandiyaliklar o‘zini boshqarish va ichki siyosatni belgilash imkoniga ega.
S.Rahimov, O‘zA