Go‘zallik va latofat timsolisan ayol
8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni
Buxoroda 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, ishlab chiqarish va boshqa sohalarda mehnat qilib, yuqori natijalarga erishayotgan, ijtimoiy hayotda faol, mahallalar obodligi, oilalar turmush farovonligiga munosib hissa qo‘shayotgan xotin-qizlar ishtirok etdi.
Tantanada viloyat hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni va ular timsolida buxorolik barcha xotin-qizlarni bayram bilan samimiy tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, bilim va kasbiy ko‘nikmalarni egallab, munosib ish topishlariga ko‘maklashish, salomatligini saqlash, uy-joy bilan ta’minlash kabi muhim masalalarni hal etishga e’tibor qaratilmoqda. Davlat darajasida ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar ayollarni yangi O‘zbekistonni barpo etishning barcha sohalarida faol ishtirok etib, Vatanimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishga undamoqda.
Xususan viloyat hududdagi “Qizbibi”, “Bibi Orifa”, “Jo‘ybori Kalon”, “Modarixon”, “Bibi Saida” majmuasi kabi muhtasham me’moriy obidalar muhtarama onalarimiz, Buxoroning zukko ayollari dahosiga bag‘ishlangan ehtirom monumenti, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
So‘nggi 7 yil ichida viloyatda ishbilarmon ayollar safi ham kengayib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan tadbirkor xotin-qizlar soni 25 ming nafardan oshdi.
Xususan, Yangilangan Konstitutsiyamiz asosida o‘tkazilgan saylovlarda Oliy Majlis Senatida 1 nafar, Qonunchilik palatasida 1 nafar, mahalliy Kengashlarimizda esa 103 nafar viloyatimiz ayollariga ishonch bildirildi. Bundan tashqari, viloyatimizda 2395 nafardan ziyod xotin-qiz turli rahbarlik lavozimlarida ishlab kelmoqda. Hozirda ilm-fan sohasida ham viloyatimizdagi oliy o‘quv yurtlarida jami 500 ga yaqin olima ayollar faoliyat ko‘rsatmoqda.
“Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi” degan ezgu tamoyil asosida, 2024 yilda viloyatda 59 916 nafar xotin-qizga ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatilgan. Xuddi shunday, 3 ming 91 nafar ayolga shaxsiy va dala tomorqasida yengil tipdagi issiqxona qurilishi uchun 18 milliard 864 million so‘m miqdorida subsidiya ajratilgan. Sa’y-harakat tufayli 181 ming 433 nafar ayol bandligi ta’minlangan.
Viloyat bo‘yicha ayni vaqtga qadar 152 nafar ijtimoiy sharoiti og‘ir xotin-qizlarning uy-joylari ta’mirlab berilgan. O‘tgan yilning o‘zida xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 25 milliard so‘mga yaqin kredit va subsidiya ajratilgan. Natijada 26 mingdan ortiq opa-singillar doimiy ish va daromadga ega bo‘ldi.
Quvonarlisi, kuni kecha Prezidentimizning “8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni asosida 4 nafar buxorolik ayollar davlatimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlandi. Shuningdek, Nilufar Ruhillayeva hamda Dilshoda Bahronova singari zukko qizlar Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.
[gallery-22156]
Kuni kecha esa ma’naviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etish borasida ibratli faoliyat olib borayotgan 16 nafar ayollar “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Tantanada ana shunday e’tirofga sazovor bo‘lgan ayollarga ko‘krak nishonlari va tashakkurnomalar topshirildi.
Bahor va nafosat, go‘zallik va latofat bayramiga bag‘ishlangan tantana san’at ustalari, xushovoz estrada xonandalari konsert dasturi bilan yakunlandi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari