G‘o‘za parvarishida agrotexnik tadbirlar nazoratda
Qashqadaryo viloyatidagi g‘o‘za maydonlarida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari mutaxassislari tomonidan keng ko‘lamli nazorat ishlari amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda viloyatda 19 ta paxta klasterlari va 6 ming 117 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan jami 126 ming gektar maydonda paxta parvarishlanmoqda. Shundan 32 ming 158 gektarga xorijiy navlar, 93 ming 842 gektarga esa mahalliy navlar ekilgan.

Agrar sohada texnik ta’minlash ishlari ham samarali tashkil etilgan. Mavjud 2 ming 330 dona kultivatordan 2 ming 239 tasi faoliyatga jalb qilingan. Bugungi kungacha g‘o‘zaga 6-7 marta ishlov berilib, oziqlantirish, sug‘orish va chilpish ishlari amalga oshirilgan.

Kultivatsiya jarayonida g‘o‘zaga zarar yetkazmaslik maqsadida maxsus texnik tadbirlar ko‘rilmoqda. Shuningdek, chopiq traktorlariga maxsus yo‘naltirgichlar o‘rnatilishi, qator oralarining to‘g‘ri kengligi va chuqurligiga rioya etilishi ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Texnik xizmat ko‘rsatish bilan bir qatorda, hosilni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish ishlari ham tizimli ravishda olib borilmoqda. Xususan, trips, o‘rgimchakkana, qandala va ko‘sak qurti kabi zararkunandalarga qarshi 727 ta OVX purkagichlar yordamida kimyoviy ishlov berilmoqda.
Nazorat tadbirlari davomida “O‘zagroinspeksiya” mutaxassislari tomonidan mas’ullarga 33 ta yozma ko‘rsatma, 71 ta taqdimnoma hamda 2 ming 846 ta ogohlantirish xatlari berildi.

Misol tariqasida, Shahrisabz tumanidagi “Jonibek Xadicha” fermer xo‘jaligi rahbari Baxtiyor Rajabov joriy mavsumda 31 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlamoqda. Xo‘jalikda sug‘orish, mahalliy va mineral o‘g‘it berish, kultivatsiya va chilpish ishlari belgilangan muddatlarda, to‘liq hajmda amalga oshirilayotgani natijasida g‘o‘za nihollari baravj rivojlanmoqda.

“O‘zagroinspeksiya”ning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qilishicha, agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida bajarilishi, texnikalarning to‘g‘ri va samarali ishlatilishi, shuningdek, nazorat-tahlil ishlarining doimiyligini ta’minlash orqali paxta yetishtirishda yuqori natijalarga erishish maqsad qilingan.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri