“Google” kompaniyasi “Gmail”ni AI platformaga aylantirmoqchi
“Google” kompaniyasi “Gmail” elektron pochta xizmatiga sun’iy intellekt asosidagi yangi funksiyalarni qo‘shib, dunyodagi eng ommabop platformaga aylantirmoqchi. Bu haqda “Euronews” nashri yozib chiqdi.
Yangi imkoniyatlar orasida — “Help Me Write (yozishda menga yordam ber) funksiyasi bo‘lib, ushbu vosita foydalanuvchining yozish uslubini o‘rganib, xatlarni yanada ravon va aniq ifodalash uchun real vaqt rejimida takliflar beradi. Bundan tashqari, “Gmail” uzun yozishmalarni qisqa mazmunga keltirib berishi va kiruvchi xatlar asosida bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar ro‘yxatini tuzishi mumkin bo‘ladi. Bu imkoniyatlar barchasi “Google”ning eng so‘nggi sun’iy intellekt modeli — “Gemini 3” asosida ishlaydi.
Ma’lumki, sun’iy intellekt — kompyuter tizimining inson fikrlashiga o‘xshash tarzda tahlil qilish va xulosa chiqarish qobiliyatidir. “Gemini 3” esa katta hajmdagi ma’lumotlarni tez va mantiqiy qayta ishlashga mo‘ljallangan ilg‘or model hisoblanadi. Dastlab ushbu yangiliklar faqat AQSHda ingliz tilida taqdim etiladi. “Google” ularni keyinchalik boshqa davlatlar va tillarga ham kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Ekspertlar fikricha, “Gmail”ga sun’iy intellektning chuqur kirib kelishi ayrim xavotirlarni ham keltirib chiqaradi. Noto‘g‘ri yozilgan xatlar, chalg‘ituvchi ma’lumotlar yoki foydalanuvchi sirlarini tahlil qilish bilan bog‘liq maxfiylik masalalari shular jumlasidan. “Google” barcha ma’lumotlar himoyalanganini va xatlar sun’iy intellektni o‘qitish uchun ishlatilmasligini ta’kidlamoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA