G‘oliblar Respublika bosqichiga chiqishdi
Sirdaryo viloyatining Yoshlar markazida Prezidentimiz ilgari surgan “Besh tashabbus” loyihasi doirasida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual o‘yinining viloyat bosqichi ko‘tarinki ruh va qizg‘in bahslar ostida o‘tdi.
Intellektual bellashuvda barcha tuman va shaharlardan saralangan jamoalar ishtirok etib, bilim, zukkolik va tezkor fikrlash bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdilar.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Guliston shahridagi Do‘stlik mahallasi jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘ringa Sardoba tumanining Qo‘rg‘ontepa mahallasi jamoasi, uchinchi o‘ringa esa Yangiyer shahrining Shukrona mahallasi jamoasi sazovor bo‘ldi.

G‘olib va sovrindorlarga Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasining boshlig‘i Mirqodir Sa’dullayev hamda “Zakovat” intellektual klubi NNT bosh koordinatori Dilshod Yo‘ldashev tomonidan diplomlar va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.

Ta’kidlash joizki, “Zakovat” o‘yini yoshlarning bilimga chanqoqligi, izlanuvchanligi va keng dunyoqarashini namoyon etish bilan birga, intellektual muhitni rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Endilikda 1-, 2- va 3-o‘rin sohiblari mamlakatning eng bilimdon yoshlari qatorida Respublika bosqichida Sirdaryo viloyati sharafini himoya qilishadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri