G‘olib Pardayev: “UzHydroPower” zavodi milliy iftixorimizga aylanmoqda
O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish, ular orqali iqtisodiy o‘sish va ekologik barqarorlikka erishish dolzarb vazifalardan biriga aylandi. Gidroenergetika bu jarayonda asosiy ustuvor yo‘nalish sifatida namoyon bo‘lib, so‘nggi yillarda yirik loyihalar va mahalliy ishlab chiqarish qadamlari bilan rivojlanib bormoqda.
Shu jarayonning amaliy ifodasi sifatida O‘zbekistonda gidroenergetika sohasini rivojlantirishda muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lgan “UzHydroPower” zavodi yurtimizda mahalliy ishlab chiqarish salohiyatini kuchaytirish hamda iqtisodiy mustaqillikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Bugun Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan “UzHydroPower” qo‘shma korxonasida mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Unda bosma va elektron nashrlar jurnalistlari, televideniye hamda radio muharrirlari ishtirok etib, zavod faoliyati va ishlab chiqarish jarayoni bilan bevosita tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Tadbir davomida mehmonlarga korxonaning texnik imkoniyatlari, mahsulot turlari hamda mahalliy ishlab chiqarish jarayoni haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Mazkur qo‘shma korxona bosh direktori G‘olib Pardayevning ta’kidlashicha, “UzHydroPower” – Xitoyning “Zhejiang Jinlun Electromechanic Co., Ltd.” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan qo‘shma korxona hisoblanadi. Zavodda quvvati 1 kVt dan 40 MVt gacha bo‘lgan zamonaviy gidroagregatlar, turbinalar, generatorlar, suv nasos agregatlari va suv omborlari uchun metall konstruksiyalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha zavod Markaziy Osiyodagi yagona ishlab chiqarish maydonlaridan biri bo‘lib, dunyo miqyosida ham sanoqli korxonalar qatoriga kiradi.
[gallery-24878]
– Biz ishlab chiqarayotgan gidroagregat va ehtiyot qismlar tarkibining kamida 72 foizi mahalliy komponentlardan iborat. Bu nafaqat import o‘rnini bosish, balki ichki bozor imkoniyatlarini kengaytirish, iqtisodiy mustaqillikni mustahkamlash va yangi ish o‘rinlari yaratishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, mahsulotlarimiz narxi xorijda ishlab chiqarilgan o‘xshash uskunalarga nisbatan ancha arzon, kelgusi yillarda esa eksport geografiyasini ham kengaytirish niyatimiz bor. Zavodda 5 ta ishlab chiqarish sexi mavjud bo‘lib, 80 dan ortiq zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan. Hozirda 255 nafar mutaxassis mehnat qilayotgan bo‘lsa, yaqin kelajakda bu ko‘rsatkich 350 nafarga yetkazilishi rejalashtirilgan. Ishchi-xodimlar uchun qulay mehnat va dam olish sharoitlari yaratilgan, yotoqxona, oshxona, sport maydonchalari va suzish havzasi foydalanishga topshirilgan, –dedi G‘.Pardayev.
E’tiborlisi, “UzHydroPower”da ishlab chiqarilayotgan gidroagregat va ehtiyot qismlar narxi xorijdagi o‘xshash uskunalarga nisbatan arzonligi bilan ajralib turadi. Xususan, Xitoy ishlab chiqaruvchilari mahsulotlaridan 12 foizga, Rossiya ishlab chiqaruvchilaridan esa 27 foizga arzon. Korxona mutasaddilarining ma’lum qilishicha, 2026 yildan boshlab zavod mahsulotlarini qo‘shni davlatlarga eksport qilish rejalashtirilgan.
Zavodda “ustoz-shogird” an’anasi asosida kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Yosh mutaxassislar xorijda malaka oshirish imkoniyatiga ega. Shu bois, ishchi-xodimlar qo‘llab-quvvatlash va e’tiborni har qadamda his etmoqda.
Ayniqsa, zavodda xotin-qizlar ham mas’uliyatli vazifalarni bajarayotgani diqqatga sazovor. Biz bilan suhbat chog‘ida kran mashinisti sifatida faoliyat yuritayotgan Zuhra Xayriddinova o‘z taassurotlarini bayon etdi.
– Bu yerda xotin-qizlar ham teng mehnat qila olishi, mas’uliyatli vazifalarni bajarishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Ish jarayonida ayollarga ishonch bildirilishi, ularning salohiyatini rivojlantirishga sharoit yaratilishi meni juda quvontiradi. Jamoa ichida ham samimiy va yordamchi muhit mavjud, hamma bir-biriga suyanch va maslahatchi. Ayniqsa, ish jarayonida xavfsizlik talablariga qattiq e’tibor berilishi biz ishchilar uchun katta ahamiyatga ega. Chunki mehnat xavfsizligi ta’minlangan joyda odam o‘z ishiga hushyorlik bilan yondashadi va o‘ziga ishonchi oshadi. Shu bois men bu yerda nafaqat mehnat qilaman, balki o‘zimni hurmat qilingan jamoaning a’zosi sifatida his qilaman, –dedi u.
Ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda gidroenergetika sohasida 430 MVt quvvat yaratildi va umumiy quvvat 2,3 GVtga yetkazildi. “UzHydroPower” zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan uskunalar Qoraqalpog‘iston va Surxondaryo viloyatlaridagi bir qator kichik GESlarda muvaffaqiyatli ishga tushirilgan.
Hozirgi kunda “O‘zbekgidroenergo” AJning yirik istiqbolli loyihalari uchun “UzHydroPower” zavodida uskunalar ishlab chiqarilmoqda. Jumladan, Chotqol daryosida barpo etilayotgan Quyi Chotqol GES (90 MVt) hamda Norin daryosida qurilayotgan Norin GESlar kaskadi (228 MVt) uchun zarur jihozlar tayyorlanib, yetkazib berilyapti.
Xulosa shuki, yaqin istiqbolda “UzHydroPower”ning ish faoliyati O‘zbekistonning gidroenergetika sohasidagi yetakchi maqomini mustahkamlab, mamlakatimizni dunyoda gidroagregatlar ishlab chiqaradigan asosiy davlatlar qatoriga qo‘shishi shubhasiz. Bu esa bir vaqtning o‘zida ichki bozor ehtiyojini qondirish, qo‘shni mamlakatlarga eksportni yo‘lga qo‘yish, mahalliy kadrlarning salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish imkoniyatini ham beradi. Korxona faoliyati orqali yurtimizda energetik barqarorlikni ta’minlash, resurslardan oqilona foydalanish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish jarayoni izchil davom etmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA