G‘olib o‘quvchi har oy stipendiya oladi
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida ta’lim muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ularda fanlarni o‘qitishning darajasi va sifatini oshirishni rag‘batlantirish hamda o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida fan bloklari – matematika, fizika va ona tili fanlaridan “Tuman hokimi stipendiyasi” uchun tanlov tashkil etildi.
Tumandagi 15-sonli informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida mazkur tanlovga start berildi. Tanlov tumandagi umumta’lim maktab direktorlarining tavsiyanomasi asosida 413 nafar 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazildi.

Tadbirda Qorako‘l tumani hokimi Xurshid Tohirov tanlovda qatnashayotgan yoshlarni tabrikladi. Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlari yoshlarning qobiliyat va imkoniyatini yuzaga chiqarish, Prezidentimiz yaratib berayotgan imkoniyatdan foydalanib yoshlarning ta’lim olishi uchun yangidan-yangi qulayliklar yaratilishi Qorako‘lda ham o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillari o‘rtasida aniq natija va sermahsul rag‘batlantirishga asoslangan raqobat muhitiga asos solinayotganligini ta’kidladi. Tumanda ta’limni qo‘llab-quvvatlash, faqat yoshlarning qobiliyati hamda ilmga intilishini moliyalashtirishni o‘z ichiga olgan ko‘p bosqichli “ijtimoiy lift” tizimi ishga tushirilganini qayd etdi.
Shundan so‘ng bellashuvlarga start berildi. Barcha savolnomalar va javob varaqalari ko‘p yillik tajribaga ega o‘qituvchilardan iborat hay’at a’zolari va o‘quvchilar guvohligida ochilib, o‘quvchilarga tarqatildi.
Ma’lumot uchun, tanlov natijalariga ko‘ra 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan g‘olib o‘quvchi “Tuman hokimi stipendiyasi” (2022 yilning 1 noyabridan 2023 yilning avgust oyiga qadar har oyda bazaviy hisoblash miqdori — 300 ming so‘m miqdorida to‘lab beriladi)ga tavsiya etiladi.
Zarif Komilov, O‘zA