G‘olib jamoa “Spark” avtomobili bilan taqdirlanadi
Andijonda “Viloyat hokimi kubogi” uchun “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazilmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 20 yanvardagi “Zakovat intellektual o‘yinini aholi orasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida Andijon viloyati hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, «Zakovat» intellektual klubi» nodavlat notijorat tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan tanlovda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardan tuzilgan jamoalar ishtirok etmoqda.
Ikki – tuman va viloyat bosqichi tarzida o‘tkaziladigan “Zakovat” intellektual o‘yinida ishtirok etish uchun 900 ga yaqin jamoadan arizalar qabul qilingan. Ayni kunda intellektual o‘yinning tuman va shahar bosqichlari bo‘lib o‘tmoqda.
[gallery-5791]
Jumladan, tanlovning Xo‘jaobod tumani bosqichi juda qiziqarli tarzda o‘tdi. Ishtirokchi jamoalar o‘zlarining bilim, mahorat va intellektual salohiyatini to‘laqonli namoyish etishga harakat qildi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, barcha raqiblaridan ustun kelgan Orday mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlar jamoasi faxrli 1- o‘rinni egalladi. G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
“Viloyat hokimi kubogi” uchun o‘tkazilayotgan “Zakovat” intellektual o‘yini viloyat bosqichida g‘olib bo‘lgan jamoa “Spark” avtomashinasi, ikkinchi o‘rinni egallagan jamoa 20 million so‘m, uchinchi o‘rinni olgan jamoa esa 10 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA