Go‘zalning go‘zal maqsadlari
Akalari bilan sport zaliga qatnay boshlagan Go‘zalning milliy kurashga qiziqishi dastlab ota-onasiga ma’qul kelmadi. Ular kurash faqat o‘g‘il bolalarga xos deb, qarshilik ko‘rsatdi. Ammo Go‘zal musobaqalarga qatnashib, yutuqlarni qo‘lga kirita boshlagach...
Akalari bilan sport zaliga qatnay boshlagan Go‘zalning milliy kurashga qiziqishi dastlab ota-onasiga ma’qul kelmadi. Ular kurash faqat o‘g‘il bolalarga xos deb, qarshilik ko‘rsatdi. Ammo Go‘zal musobaqalarga qatnashib, yutuqlarni qo‘lga kirita boshlagach...
– Qizimning kurash tushayotganini ilk bor ko‘rganimda butun vujudimni hayajon bosib, titrab ketdim, – deydi Go‘zalning otasi Bahriddin Bekmirzayev. – Bir joyda o‘tirolmay qoldim. Osmonga sapchib ketadigandek o‘zimni bosolmayman. Gilamda qizim emas, men olishayotgandekman. Qizim g‘alabaga erishgach, yengil tortdim. Men ham bolaligimda kurashga qiziqqanman. Musobaqalarda qatnashganman. U paytlar sportga bugungidek e’tibor qayda, deysiz. Biz ham xalqaro maydonlarda g‘alaba qozonishni juda istaganmiz. Biroq buning imkoni yo‘q edi. Shularni o‘ylab, qizimga oq yo‘l tilashga, doimo qo‘llab-quvvatlashga qaror qildim.
Chiroqchi sport-pedagogika kollejida tahsil olayotgan Go‘zal olti yildan buyon milliy kurash bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. Bir necha marta O‘zbekiston chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etgan. 2012-yilda kurash bo‘yicha Hindistonda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan.
– Go‘zal Rahmonova tengdoshlariga nisbatan irodali va harakatchan, hech qachon tushkunlikka tushmaydi, – deydi Chiroqchi sport-pedagogika kolleji o‘qituvchisi, kurash bo‘yicha murabbiy Shohruh Bekmirzayev. – Uning bu xislatlari g‘alabaga erishishida qo‘l keladi.
Kollejda iste’dodli sportchi qizlar ko‘p. O‘quvchilarning puxta bilim olishi, sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Bo‘sh vaqtidan samarali foydalanishga harakat qiladigan Go‘zal maxsus kurslarga qatnab, ingliz tili va tikuvchilik sirlarini ham o‘rganmoqda.
– Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, iste’dodini to‘la namoyon etishi uchun keng sharoit va imkoniyatlar yaratib berilgan, – deydi G.Rahmonova. – Bunga o‘zim misolimda guvoh bo‘lib turibman. Maqsadim – jahon arenalarida O‘zbekiston bayrog‘ini yuqori ko‘tarish, keyinchalik viloyatimizdan chempion sportchi qizlarni yetishtirish ishiga munosib hissa qo‘shish.
Intilganga tole yor, deydilar. Joriy yil ham Go‘zal Rahmonova uchun omadli, quvonchli boshlandi. Prezidentimiz farmoniga muvofiq u Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.