Giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq uchta holat fosh etildi
Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat Ichki ishlar hamda Bojona boshqarmalari hamkorligida Tuproqqal’a tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Surxondaryo – Xorazm” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Lasetti” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib tekshirildi.
Natijada, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Angor tumanida istiqomat qiluvchi, 1960 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun ikki marotaba sudlangan shaxsga tegishli sellofan paketda 490 gr “opiy” moddasi borligi aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, u qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan mazkur giyohvandlik vositasini Xorazm viloyatida sotmoqchi bo‘lgan.

Boshqa holatda esa “Toshkent – Xorazm” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Oniks” rusumli avtomashina yo‘lovchisi hisoblangan – Urganch shahrida yashovchi, 1968 y.t. shaxsning yonidan 119 gr “gashish” moddasi olindi.
DXX Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Sirdaryo – Jizzax” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Lasetti” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatildi.
Tekshiruv davomida avtomashina haydovchisi bo‘lgan – Jizzax shahrida yashovchi, 1974 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs tadbir ishtirokchilarida shubha uyg‘otib, uning yonlari belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.
Natijada, uning oyoq kiyimi ichiga 16 gr “opiy” moddasi yashirilgani aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.