Giyohvandlik – asr vabosi
Bashariyat qo‘lga kiritayotgan yutuqlardan qanchalik quvonsak, insoniyatni tanazzulga sudrovchi illatlarni ko‘rib kuyunamiz. Bugun insoniyat shunday bir illatga mubtalo bo‘ldiki, uni, chin ma’noda asr vabosi deyish mumkin: bu – giyohvandlik.
Dinimiz halol bilan haromni ajratib, bu borada aniq ta’limotni bergan. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz solallohu alayhi va sallam: “Halolni talab qilish farzdan keyingi farz”, dedilar.
Oyati karimada: «Ey odamlar! Yer yuzidagi narsalardan halol-poklarini yenglar» (Baqara surasi, 168-oyat), deb marhamat qilingan.
«Ey odamlar! Yer yuzidagi narsalardan halol-poklarini yenglar» oyati karimasi Rasululloh huzurlarida tilovat qilinganda, Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu o‘rnidan turib: “Yo Rasululloh, Allohga meni duosi ijobat bo‘luvchi (bandalardan) qilishini duo qiling”, dedi. Payg‘ambarimiz unga: “Ey Sa’d, luqmangni pokla, duoing ijobat bo‘ladi. Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, albatta, banda qorniga harom luqma tashlasa, uning qirq kunlik amali qabul qilinmaydi va qaysi bandaning go‘shti (ya’ni tanasi) harom va ribodan o‘ssa, unga do‘zax haqlidir”, dedilar».
Yer yuzida yeyiladigan narsalarning bir navi nabotat ya’ni, o‘simlik hisoblanadi. Bulardan insonning sog‘ligi va aqliga zarar beradigani halol sanalmaydi. Giyohvand moddalarga o‘xshash aqlni ketkazadiganlar va zaxar kabi hayotni izdan chiqaradiganlar dinimizda harom sanaladi.
Qur’oni karimda: «...O‘z qo‘llaringiz bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz!».
Giyohvandlik Alloh taolo insonga ato etgan jon, jism va aql ne’matlarining zavoliga sabab bo‘lyapti. Shunga qaramay, bu narsalar ko‘paysa ko‘payyapti, lekin kamaymayapti. Erkagu ayol, yoshu qari, talabayu o‘quvchilar orasida ham bu holat uchrab turgani tashvishlanarli holat.
Sufyon Savriy aytadi: “Kim Allohning toatiga harom narsani infoq qilsa, go‘yoki najas tekkan kiyimni bavl bilan poklabdi”. Najosat tekkan kiyim suv bilan poklangani kabi gunohlar ham halol narsa bilan poklanadi.
Hech kim birdaniga giyohvand iste’mol qiladigan bo‘lib qolmaydi. Avval tamaki tutatadi, keyin mast qiluvchi ichimliklarga ruju qo‘yadi. Oxirida giyohvandlikka mubtalo bo‘ladi.
Voil ibn Hujrdan rivoyat qilinadi. Toriq ibn Suvayd Ju’fiy Nabiy alayhissalomdan xamr haqida so‘radi. (Payg‘ambar s.a.v.) uni undan (ya’ni, xamrdan) qaytardi. Shunda u: “Men uni davo uchun qilaman”, dedi. (Payg‘ambar s.a.v.): “U davo emas, darddir, dedilar”.
Ba’zan do‘xtirlar “bu sog‘liginga zarardir” desa, qaytiladi-yu, shariat qaytargan deyilsa, e’tibor qilinmaydi. Tibbiyot bu narsalarning hamma zararlarini hali to‘liq bilmaydi. Shariat buyurdimi, qilaylik. Shariat qaytardimi qaytaylik. Hikmatini bilmasak, Alloh taologa havola qilib qo‘yaylik.
Bugun giyohvandlikning oqibatlari shu qadar ayanliki, butun boshli sulolalarni o‘z komiga tortmoqda. Turli bedavo kasalliklarga chalinish, ishsizlik, nogiron farzandlarning dunyoga kelishi, oilalarning buzilishi, farzandlarning sarson-sargardon bo‘lishi, nafsga qul bo‘lish, irodasizlik, o‘lim, turli o‘g‘rilik va odam o‘ldirish kabi jinoyatlar, avtohalokatiga uchrashlar sodir bo‘lyapti.
Muxtasar aytganda, dinimiz barcha nojo‘ya xatti-harakatlardan qaytargan. Agar biror kishi yomon ish qilayotgan bo‘lsa, uni darhol qo‘limiz bilan, kuchimiz yetmasa, tilimiz bilan, bunga ham qudratimiz yetmasa, qalbimiz bilan qaytarishimiz kerak.
Abduqahhor domla YUNUSOV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi